Samarqandda 34 nafar soliqchi vazifasiga noloyiq, deb topilgan

Viloyatda o‘tgan yili Davlat soliq qo‘mitasining tegishli buyrug‘iga asosan qo‘mita nomenklaturasidagi xodimlar attestatsiyadan o‘tkazilgan.

Viloyat soliq boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, attestatsiyada 783 nafar xodim ishtirok etgan. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 542 nafar xodim attestatsiyadan o‘tgan. Shuningdek, 207 nafari shartli ravishda o‘tkazilgan.

Ikki bosqich attestatsiya jarayonlarida 34 nafar xodim vazifasiga noloyiq, deb topilgan.

Shunga muvofiq ayrim xodimlarning lavozimi pasaytirilib, ayrimlari egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.

Eslatib o‘tamiz, bu haqda 4 yanvar kuni yangi tahrirdagi Soliq kodeksining mazmun-mohiyati bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ham to‘xtalib o‘tgandi. U o‘tgan yili Samarqand viloyatida tadbirkorlardan pul talab qilgan xodimlar prokuraturaga berilganini ham qayd etgandi.

“To‘g‘ri, korrupsiyaga to‘liq barham berilgani yo‘q. Korrupsiya bor ekan, tizimdagi ishlarni joyiga qo‘ya olmaymiz. Unga qarshi kurashish bizning birinchi navbatdagi vazifamiz. Bu muammoni bir yilda yo‘qotishning imkoni bo‘lmasligi mumkin. Ammo uch yilda to‘liq soliq tizimini davlatga, korxona-tashkilotlarga zamonaviy xizmat ko‘rsatadigan organga aylantirmoqchimiz. Bu yilda tadbirkorlarni tekshirish bo‘yicha moratoriy tugaganiga qaramasdan, jarayon qaytadan boshlanmaydi”, degan M.Mirzayev.