Samarqandda 38 ta paxta terish mashinasi mavsumga tayyorlandi
Joriy yilda viloyat paxtakorlari 75 ming 580 gektar maydonda g‘o‘za parvarishladi va yetishtirilgan hosilni tez fursatda yig‘ib-terib olish uchun mavsumga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
- Joriy yilda viloyatdagi 9 ta klaster korxonasi hamda 2 ming 120 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 215 ming 500 tonna qimmatbaho sanoat xomashyosi yetishtirish rejalashtirilgan, - deydi Agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi bo‘lim bosh inspektori Bahodir Rahmonov. - Yig‘im-terimni uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun viloyatdagi 27 ta paxta qabul qilish maskanida mavsumoldi tayyorgarlik tadbirlari amalga oshirildi. Rejaga ko‘ra, paxta qabul qilish maskanlaridagi 117 ta o‘t o‘chirish moslamasi, 117 ta kichik mexanizatsiya vositalari, 23 ta yopiq ombor, 422 ta g‘aram maydoni, 347 ta elektr shkaflar hamda 469 ta yoritish moslamasi ta’mirlandi.
Yetishtirilgan hosilning salmoqli qismini paxta terish mashinalarida yig‘ishtirib olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda klaster korxonalari tomonidan xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan 26 ta zamonaviy paxta terish mashinalari xarid qilinib, mavsum davomida jami 38 ta paxta terish mashinalari ishtirok etishi mo‘ljallanmoqda.
Agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.