Samarqandda 4 ta tumanlararo konvoy guruhlari tashkil etildi, Kattaqo‘rg‘on shahrida patrul-post xizmati bo‘linmasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi

Prezidentimizning 2021 yil 29 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari majlislarida hududiy ichki ishlar organlari rahbarlarining o‘rinbosarlari — jamoat xavfsizligi xizmati boshliqlari tomonidan har chorakda jamoat xavfsizligi yuzasidan hisobot berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi belgilangan edi.

Mazkur tartib asosida xalq deputatlari viloyat Kengashining yetmish birinchi sessiyasida viloyat ichki ishlar organlari tomonidan joriy yilning II choragi davomida viloyat hududida jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari - jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i X.Umarov hisobot berdi.

– Prezidentimiz farmoni asosida Ichki ishlar vazirligi tuzilmasida Jamoat xavfsizligi departamenti tashkil etilib, hududiy bo‘linmalari tarkibiga jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi va probatsiya xizmatlari kiritildi, – deydi X.Umarov. – Hujjatda belgilanganidek, viloyatimizda mahalliy byudjet hisobidan Kattaqo‘rg‘on shahrida ushbu shahar hamda Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on va Narpay tumanlariga xizmat ko‘rsatuvchi patrul-post xizmati bo‘linmasi uchun 25 ta shtat birligi joriy etilib, xodimlarga xizmatdan foydalanish maqsadida 12 ta “NEXIA-3” avtotransport vositasi ajratildi. Viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmasi huzurida 11 ta shtat birligidan iborat otliq bo‘linma tashkil etiladi. Shu paytgacha mavjud bo‘lgan 16 ta vaqtincha saqlash hibsxonalarining 6 tasi qisqartirilib, hududlarda 4 ta tumanlararo konvoy guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Viloyat hududida talaba yoshlar o‘rtasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida viloyat hududidagi 8 ta oliy ta’lim muassasasida shartnoma asosida profilaktika inspektori shtat birliklari joriy etilib, xizmatga jalb etildi. Inspektorlarning 2 nafari xotin-qizlardir.

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida shahar va tumanlar hokimlarining qarorlariga asosan viloyat hududida 40 ta, jumladan, Samarqand shahrida 14 ta, Bulung‘ur va Paxtachi tumanlarida 6 tadan, Jomboyda 4 ta, Kattaqo‘rg‘on shahrida 2 ta hamda Ishtixon, Oqdaryo, Payariq, Past Darg‘om, Samarqand, Urgut, Toyloq va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida 1 tadan mahalla huquq-tartibot maskanlari tashkil etildi.

Joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida viloyatdagi jamoat xavfsizligini ta’minlovchi va unda ishtirok etuvchi sub’yektlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasida Jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini rivojlantirish strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “YO‘L XARITA”si ijrosi yuzasidan profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, ijobiy natijalarga erishildi. Biroq, yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklarga qaramasdan, hamkorlikda olib borilgan profilaktik tadbirlar lozim darajada tashkil etilmaganligi natijasida jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida bir qator kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yildi. Oqibatda viloyat hududida umumiy jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,7 foizga (2853-3217) ko‘paygan.

Jamoat xavfsizligini ta’minlovchi va unda ishtirok etuvchi sub’yektlar bilan hamkorlikda notinch oilalar bilan ishlash, oilalarda mavjud nizolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish borasidagi ishlar tizimli va manzilli ravishda olib borilmaganligi oqibatida yilning 6 oyi davomida viloyat hududida sodir etilgan jinoyatlarning 26 tasini oila-turmush munosabatlari doirasidagi shaxsning hayoti va sog‘lig‘iga qarshi qaratilgan jinoyatlar tashkil etdi.

Achinarlisi, umumiy jinoyatlarning 7,1 foizi xotin-qizlar hissasiga to‘g‘ri kelib, ular tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 81 taga (149-230) ko‘paygan. Muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ham 23 taga oshgan.