Samarqandda 42 ta tashkilot shahar tashqarisiga ko‘chiriladi, 7 ta chorrahada yo‘l o‘tkazgichlar barpo etiladi
Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov millionli shahar loyihasi asosida amalga oshiriladigan shu kabi ishlar haqida quyidagilarni ma’lum qildi:
Ta’kidlanishicha, viloyat ma’muriy markazini Gulobod qo‘rg‘oniga ko‘chirish va boshqa tadbirlar ko‘zlangan bosh reja hamda batafsil rejalashtirish loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Samarqand shahrida 178 ta davlat tashkiloti joylashgan. Shaharni “millionli shahar”ga aylantirishda shaharsozlikning “aqlli shahar” konsepsiyasi asosida tashkil etish, zamonaviy IT-parklarda tizimlashgan texnologik jarayonlarni amalga oshirish, “ekologik toza shahar”ga aylantirish va “xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Buning uchun dastlab 42 ta davlat tashkiloti shahar atrofiga ko‘chirilishi rejalashtirilgan.
Qoidaga ko‘ra, “millionli shahar”lar mamlakat YaIMni o‘sishida drayver vazifasini bajaradi - ma’lum bir tarmoqlar bo‘yicha yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadi. Shu jihatdan, shaharda bo‘shagan binolarga chet ellik investorlarni jalb qilib, turizm infrastrukturasini yaratish ko‘zda tutilyapti. Bu tabiiyki, qo‘shimcha xizmatlar va yangi ish o‘rinlarini tashkil qilishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, 6 ta aholi turar maskanlariga tutash joylarda kichik sanoat zonalari va ishlab chiqarish ob’yektlari barpo etish ham ayni shu maqsadga qaratilgan.
Loyiha doirasida 7 ta markaziy chorrahalarda muayyan vaqtlarda yuzaga keladigan tirbandliklarning oldini olish uchun yo‘l o‘tkazgichlar barpo etish taklifi ishlab chiqilyapti.