Samarqandda 6 oylik oziq-ovqat uchun 235 milliard so‘m sarflanadi
Samarqand viloyatida kuz-qish mavsumi uchun talab etiladigan zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxati shakllantirildi.
Unga ko‘ra, 6 oyga 82,6 ming tonna go‘sht, 100 ming tonna kartoshka, 19 ming tonna guruch, 149,8 ming tonna un mahsuloti, 21,3 ming tonna shakar, 418,8 milion dona tuxum, 17,6 ming tonna yog‘ zarur.
Mahsulotlar uchun jami 235,4 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi. Bu mablag‘ning 10 milliard so‘mi jamg‘armalar hisobidan, 74,6 milliard so‘mi kredit resurslaridan va 150,8 milliard so‘mi tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Samarqand shahrida 15-20 oktyabr kunlari tashkil etilgan “Tabiat saxovati” arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasida 150 tonna sabzavot, 126 tonna kartoshka, 23,5 tonna go‘sht, 120 ming dona tuxum, 5 tonna baliq, 10,8 tonna paxta yog‘i, 10 tonna makaron, 7,2 tonna o‘simlik yog‘i, 6,5 tonna un va 18 tonna 15 turdan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari arzon narxlarda sotildi.
Viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi axborot xizmati.