Samarqandda 65 ta lift ishlamayapti. Oqibatda keksalar zinalarda azob chekmoqda

Shu yilning 17-18 mart kunlari davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrif buyurganida bu masala ham tilga olinib, 2019-2020 yillarda mavjud liftlarning barchasi yangilanishi lozimligi belgilab berildi.

Endi tegishli tashkilotlar, xususan, uy-joy mulkdorlari shirkatlari oldida asosiy vazifa turibdi – yangilangunga qadar, liftlarni ta’mirlab, ishlatib turish. Negaki, ayni vaqtda ko‘p qavatli uylarda 3 “A” uydagi kabi keksalar va bemorlar soni ham oz emas. Tasavvur qiling, 8 yoki 9-qavatda yashovchi xonadonlardan birida kimningdir tobi qochib, ahvoli yomonlashsa, unga zudlik bilan tez tibbiy yordam kerak bo‘lsa, bemorning yaqinlari boshini qaysi devorga uradi? Tez tibbiy yordam xodimi 9-qavatga xalloslab, yugurib chiqdi ham deylik. Bemorni tibbiyot muassasasiga olib borish kerak bo‘lsa, shuncha zinadan ko‘tarib olib tushiladimi?

Lift ta’miri necha so‘m?

Kimyogarlar shaharchasida 7 ta to‘qqiz qavatli uy bo‘lsa, har bir uyda fuqarolar liftdan shikoyat qilishdi. Aytaylik 26-uyning lifti mudom bir ishlab, bir buzilsa, yaqindagina ta’mirlangan 29-uyning liftlari yana nosoz holatga kelgan. Ushbu uyda yashovchilar ishlagan taqdirda ham liftdan foydalanishga qo‘rqib qolgan. Chunki istagan vaqtda buzilib qolishi mumkin.

Bizni hayron qoldirgan narsa shu bo‘ldiki, Kimyogarlar shaharchasidagi ayrim shirkatlarda bitta liftni ta’mirlash uchun kattagina mablag‘ ajratilarkan.

- Liftlarni ta’mirlashga ozmuncha pul ajratmadik, – deydi “Ilg‘or kelajak sari” uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Vohid Nazarov. – Misol uchun, “Uy-joy ta’mir” korxonasiga har bir lift ta’miri uchun o‘rtacha 23 million so‘mdan pul berdik. Ammo ko‘p o‘tmay buzilib qolmoqda.

Ushbu shirkatga qarashli uylarni ko‘zdan kechirdik. Rostdan ham liftlar ta’mirlangan, ammo bir oyga yetmay, yana buzilgan. Xo‘sh, bunday holatda nima qilish kerak? Shirkat raisi “Yana buzilib qoldi-da”, deb o‘tiraverishi kerakmi yoki ta’mirlash ishlarini olib borgan korxonaga qayta ta’mirlash uchun talab qo‘yishi kerakmi? 23 million so‘m ozgina pul emas-ku.

– Hozirgi kunda bir dona zamonaviy liftning narxi 160 million so‘mgacha, – deydi viloyat uy-joy, kommunal xo‘jalik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Shuhrat Nurbekov. – Garchi viloyatdagi mavjud liftlarning barchasi ham ma’nan, ham moddiy tomondan eskirib ketgan bo‘lsa-da, shu vaqtgacha e’tiborsiz qolib kelgan. Endi bu soha eng dolzarb masalalardan biriga aylandi. Shu yilning o‘zida ishlamay turgan 65 ta lift ta’mirlanadi. Kelgusi yildan boshlab liftlar yangisiga almashtiriladi.

Beruniy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarni ko‘zdan kechirarkanmiz yana yuqoridagi savolni eslashga to‘g‘ri keldi. “Kattaariq” uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli bir nechta ko‘p qavatli uylarda ham liftlar nosozligi kuzatiladi. Ammo 1 million so‘m evaziga ta’mirlanadi. O‘tgan yili shuncha miqdorda ta’mirlangan liftlar hozir ham ishlab turibdi. Xo‘sh, Kimyogarlar shaharchasida lift ta’miriga sarflangan mablag‘ uchun kim javob beradi?

Keyingi «bekat» sakkizinchi qavat

Lift bilan bog‘liq muammolar boshqa hududlarda ham bor. Sartepa maskanida bir-biriga qo‘shilib ketgan 12 va 20-ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasi uzoq yillar davomida nam bo‘lgani uchun “Titanik” nomini olgan. Bugun bu uydagi yerto‘lada suv muammosi yo‘q. Ammo lift borasida bu yerda antiqa muammo bor. Xullas, 20-uyning birinchi yo‘lagida lift faqat sakkizinchi qavat uchun ishlaydi. Boshqa yo‘laklarning yarmida lift ishlamaydi, ishlagani esa faqat bitta qavat uchun.

– 12-uyning 7-qavatidagi xonadonda 16 yildan beri yashayman, – deydi Gulbahor Hasanova. – Uzoq yildan buyon lift muammosi bizni qiynaydi. Keyingi vaqtlar shirkatga murojaat qilsak, bir qator tashkilotlarni aytib, shu yerga borishimiz mumkinligini aytadi. Agar shunday bo‘lsa, shirkat nima uchun kerak? Xo‘p, shu bilan muammo hal bo‘lsa, mayli edi. Ammo biz bormagan tashkilotning o‘zi qolmadi. 6-qavatdan 9-qavatgacha yashaydigan aholi lift uchun oyiga 100 ming so‘m yig‘ib beradi. Xo‘sh, lift ta’mirlanmasa, ta’mirlansa-da, bir kun o‘tib buzilsa, bu pul qayerga ketyapti?

Ayb kimda?

Yana bir qiziq holat. Bir nechta ko‘p qavatli uylarda, “liftyor” telefon raqamlari ilinganiga ko‘zimiz tushib, shu raqam egasini topib gaplashdik. Maxsus kiyimiga qarab, “Samarqand uy-joy ta’mir” davlat unitar korxonasi vakili deb o‘ylagandik.

– Yo‘q, men uy-joy mulkdorlari shirkatida ishlayman, – deydi Shavkat Ahmedov. – Liftlar kuniga buzilib turgani uchun lift ichida odamlar qolib ketadi. Menga qo‘ng‘iroq qilsa, borib lift eshigini temir bilan ochib, ularni chiqarib olaman. Aslida me’yor bo‘yicha liftlar 220 volt kuchlanishli elektr tokida ishlashi kerak. Ammo necha yilki, bunday kuchlanishning o‘zi yo‘q, 120-160 kuchlanish mavjud, xolos. Elektr tarmoqlari korxonasiga bu haqda ming martalar aytilgan bo‘lsa kerak. Ammo natija yo‘q.

Yetarli elektr kuchlanishni ta’minlash uchun transformatorni yangilash kerak ekan. Bu uylarda yashovchilarning aytishicha, shahar hokimi o‘tgan yili muammoni bartaraf etishni ma’lum qilgan, joriy yil fevral oyida hokimlik vakillari kelib vaziyatni o‘rgangan, eski transformatorlarni suratga tushirib ketgan.

Holatga aniqlik kiritish uchun «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatiga murojaat qildik.

– Joylarda elektr energiyasidan foydalanish hajmining o‘sishi yoxud tarmoqlarning eskirishi va boshqa sabablar bilan elektr kuchlanishi kamayishi mumkin, – deydi «Samarqand elektr tarmoqlari» AJ direktorining texnik ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Elyor Mamasoliyev. – Xodimlarimiz bu bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, yangilash lozim bo‘lgan ob’yektlarni taqdim etishadi va shu asosda yangilanadi. Ammo yuqoridagi holat bo‘yicha na fuqarolardan va na tegishli tashkilotlardan biror murojaat kelgan emas.

Maqola tayyorlash jarayonida bir qator tashkilotlardan ulkan va’dalaru rejalar haqda eshitdik. Holat shuki, ayni kunda fuqarolar nosoz liftlardan aziyat chekmoqda.

Husan ELTOYeV,

Olim SONNIBOYeV,

«Zarafshon» muxbirlari.