Samarqandda 7 ming dollar evaziga oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan xususiy o‘quv markazi rahbari ushlandi

26 iyun kuni viloyat IIBga R.Sh. va M.M.lar ariza bilan murojaat qilib, unda Oqdaryo tumanida yashovchi «Xasan» va «Akmal» ismli shaxslar R.Sh.ni Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kiritishini aytib, evaziga 7 000 AQSh dollari berishni talab qilganligini ma’lum qilgan. U o‘z arizasida ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan, shu kuni Ichki ishlar vazirligi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Samarqand viloyati IIB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbirda Samarqand shahridagi xususiy o‘quv markazi rahbari B.A. xizmat xonasida ariza muallifi R.Sh. va M.M.lardan 7 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqt ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Ko‘rilgan choralar natijasida uning jinoiy sherigi E.X. qo‘lga olindi.

IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan 26 iyun kuni Oqdaryo tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.