Samarqandda 863 ta maktab internet tarmog‘iga ulangan. Qolganlari-chi?
Yoshlarni ma’naviyatli, sog‘lom tafakkurli va bilimli qilib tarbiyalash ta’lim muassasalaridan boshlanadi. Shu bois ta’lim rivoji, uning sifatini ta’minlash uchun keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotir. Ayniqsa, xalq ta’limi tizimiga katta e’tibor qaratilayotgani hech birimizga sir emas. Sohadagi yangiliklar bilan tanishish va o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob olish maqsadida Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zafar KARIMOV bilan suhbatlashdik.
– Tez muddatlarda viloyatimizdagi 278 ta kam quvvatli maktablar tarmoq maktablariga aylantiriladi, - deydi Z.Karimov. - Shuningdek, 200 ga yaqin eski, paxsa va xom g‘ishtli binolarga ega maktablar uchun qo‘shimcha binolar qurilib, 203 ta maktab filiallaridagi sharoit bosqichma-bosqich yaxshilanadi va to‘laqonli maktabga aylantiriladi. Shu bilan birga, suv ta’minotida muammosi bor 282 ta, atrofi to‘liq o‘ralmagan 661 ta, oshxonasi, sport zali, tibbiy punktlari bo‘lmagan maktablardagi sharoitlar yaxshilanadi. Kompyuteri yo‘q maktablarga kompyuterlar yetkazilib, internet tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
– Viloyatdagi nechta maktab kompyuter hamda internet bilan ta’minlangan va bu borada qanday ishlar amalga oshirilyapti?
– Viloyatimizda 1214 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘lib, ulardan 1053 tasi kompyuter bilan ta’minlangan. 2019 yilda kompyuterga ehtiyoji bor maktablarga 387 ta kompyuter berilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda 863 ta maktab internet tarmog‘iga ulangan bo‘lsa, qolgan maktablar aloqa sifati pastligi sababli bunday imkoniyatga ega emas. Viloyatdagi 98 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi optik tolali kabellar orqali yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlagan. 2020 yilgacha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish ishlari olib borilyapti.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida nodavlat ta’lim muassasalari (xususiy maktablar) tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yaxshi, albatta. Chunki raqobat bor joyda rivojlanish bo‘ladi. Nima deb o‘ylaysiz, xususiy maktablar boshqa maktablardan nimasi bilan farq qiladi?
- Nodavlat ta’lim muassasalarining davlat umumta’lim maktablaridan asosiy farqi mazkur maktablarga o‘quvchi-yoshlar pullik xizmat asosida tahsil oladi. Bu turdagi muassasalar innovatsion texnologiyalar asosida zamonaviy jihozlangan bo‘lib, har bir bola bilan individual ishlash uchun shart-sharoit yaratilgan. Shuningdek, o‘quvchilar ertalab qabul qilinadi va kech soat 17:00 ga qadar maktabda bo‘ladi. Bu vaqt davomida ularga tegishli taomnoma asosida uch mahal ovqat beriladi.
Ayni paytda Samarqand shahrida 5 ta hamda Kattaqo‘rg‘on shahri, Ishtixon va Payariq tumanlarida 1 tadan shunday maktablar bor. Afsuski, yoshlar orasida shunday imkoniyatlardan foydalanmay, o‘qishni tashlab chet elga chiqib ketayotganlari ham kuzatilyapti.
– Maktabni tugatmasdan qandaydir sabablarga ko‘ra, o‘qishdan ketgan yigit-qizlarga ham tez muddatda attestat (shahodatnoma) berilishi mumkinligi haqida eshityapmiz. Bu haqida batafsil ma’lumot bersangiz.
– To‘g‘ri, respublika Xalq ta’limi vazirligining 2018 yil 15 noyabrdagi “Eksternat to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi buyrug‘iga asosan, ayrim sabablarga ko‘ra umumta’lim maktablarida 9- hamda 11-sinfni tugatolmay qolgan fuqarolar eksternat tartibida o‘qib shahodatnoma olishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.
Buning uchun umumiy o‘rta ta’lim dasturlarini davlat ta’lim standarti asosida 9-sinf doirasida mustaqil o‘zlashtirgan va tegishli yilda 16 yoshga to‘ladigan hamda undan katta yoshdagi fuqarolar, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim dasturlarini davlat ta’lim standarti asosida 11-sinf doirasida mustaqil o‘zlashtirgan va tegishli yilda 18 yoshga to‘ladigan hamda undan katta yoshdagi fuqarolar (fanlardan yakuniy davlat attestatsiyasi) topshirishi kerak.
Bu yil 9-sinfni bitirganlik bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lmaganlar Samarqand shahridagi 37-IDUM hamda 11-sinf attestatini olmaganlar 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi mas’ullar bilan uchrashib, hujjat topshiradi. Ularga mustaqil uyga topshiriq beriladi va imtihonda yaxshi natijaga erishganlar attestatga ega bo‘ladi.
Shu o‘rinda aytish joizki, maktabni bitirganlik ma’lumotini olmoqchi bo‘lganlardan tibbiy ma’lumotnoma (086- forma), 3x4 hajmdagi surat, o‘zi o‘qigan maktabdan ma’lumotnoma (o‘qigan maktabidan qaysi sinfgacha yoki chorakkacha o‘qiganligi to‘g‘risida), ariza (maktab direktori nomiga), fuqarolik pasporti nusxasi talab qilinadi. Darvoqe, 11-sinf hujjatini olmoqchi bo‘lganlardan 9-sinfni tugatganlik to‘g‘risidagi shahodatnomasining asli va nusxasi so‘raladi.
– Nima deysiz, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ortiqcha hujjatbozliklar ko‘paymayaptimi?
– Keyingi yillarda mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga, o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi obro‘-e’tiborini, nufuzini oshirishga davlatimiz rahbari tomonidan e’tibor qaratilib, so‘nggi ikki yil ichida sohaga oid 2 ta qaror va 1 ta farmon qabul qilindi.
Ulardan kelib chiqib, bugungi kunda pedagog xodimlarning obro‘si oshirildi, o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish va ortiqcha hujjatbozliklarga chek qo‘yildi.
Jumladan, o‘qituvchilar ko‘p yillardan buyon yuritib kelayotgan hujjatlar soni 7 tadan 3 taga kamaytirildi. Shuningdek, o‘qituvchilardan dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlar talab qilinmaydi. Bu qat’iy nazoratga olingan.
– Chekka va tog‘li hududlardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchi-pedagoglar uchun imtiyozlar bormi?
– Hozircha aniq bir imtiyoz berilgani yo‘q. Ammo imtiyozli turarjoy va avtokreditlar berish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, chekka va tog‘li hududlardagi maktablarda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan pedagoglarga oylik maoshiga ustama berish taklifi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga qaror loyihasi taqdim qilingan.
Mazkur imtiyozlar amalda qo‘llaniladigan bo‘lsa, viloyatimizning chekka hududlaridagi maktablarda kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ham qondiriladi.
Abdujabbor PO‘LATOV suhbatlashdi.