Samarqandda 98 kishi kredit ustiga yana imtiyozli kredit olgani aniqlandi

Tavsiyanoma va kredit shartnomalarini rasmiylashtirishda sektorlar va banklar mutasaddilari mas’uliyatliroq bo‘lganida 2 milliard 263 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i haqiqiy ehtiyoji bo‘lgan boshqa 98 nafar shaxsga ajratilishi mumkin edi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlariga doir me’yoriy hujjatlarda kreditlarni haqiqiy ehtiyojdan hamda shakllantirilgan loyihalarning istiqboli va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirilganligidan kelib chiqqan holda ajratish belgilangan. Bunda birinchi navbatda, mahallalarda ishsiz yoshlar va xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan band qilish, ularning o‘z biznesini tashkil etishiga ko‘maklashish e’tiborga olinadi. Ushbu toifadagi jismoniy shaxslarga kreditlar sektorlar rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan beriladigan tavsiyanoma asosida ajratiladi.

“Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida”gi, “Qarz oluvchi jismoniy shaxslarning kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha qarz yukini hisoblash tartibi, qarz yukining ruxsat etilgan miqdori, shuningdek qarz yuki o‘sishini cheklash to‘g‘risida”gi nizomlarga muvofiq, bank kredit shartnomasi tuzilgungacha qarz oluvchining to‘lovga qobiliyatliligini, uning joriy kreditlari bo‘yicha qarz yukini puxta o‘rganishi lozim. 

Ammo olib borilgan monitoringlarda bir qator sektorlar va mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan tavsiyanomalarni berishda, bank filiallari tomonidan kredit shartnomalarini rasmiylashtirishda ko‘plab kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Xususan, 2020 va 2021 yillarda 98 nafar shaxsga avval olingan kreditlari ustiga boshqa bankdan yana aynan bir maqsadda jami 2 milliard 263 million so‘m imtiyozli kreditlar ajratib yuborilgan. 

Masalan, Payariq tumanida 54 nafar shaxsga 1 milliard 244 million so‘m, Past Darg‘om tumanida 12 nafar shaxsga 315 million so‘m, Kattaqo‘rg‘on tumanida 7 nafar shaxsga 120 million so‘m imtiyozli kredit noto‘g‘ri berilgan.

Bu kreditlar “Mikrokreditbank” (492 million so‘m), “Agrobank” (805 million so‘m), “Xalq banki” (965 million so‘m) tomonidan ajratilgan.

Tavsiyanoma va kredit shartnomalarini rasmiylashtirishda sektorlar va banklar mutasaddilari mas’uliyatliroq bo‘lganida ushbu mablag‘lar haqiqiy ehtiyoji bo‘lgan boshqa 98 nafar shaxslarga ajratilishi mumkin edi.

Eng yomoni, bugungi kunda kredit ustiga kredit olgan ushbu shaxslarning kredit asosiy qarzi bo‘yicha 280 million so‘m (kredit qoldig‘ining 7 foizi), foizi bo‘yicha 154 million so‘m muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud.

Ushbu shaxslar boshqalarga ajratilishi lozim bo‘lgan kreditlarni olib, buning ustiga ushbu mablag‘ni qaytarmayotgani endilikda yana ko‘plab fuqarolarning kredit olish imkoniyatini pasaytirmoqda. 280 million so‘mlik muddati o‘tgan kreditlar o‘z vaqtida qaytganda, shu mablag‘ni 20 million so‘mdan 14 kishiga ajratish mumkin edi.

Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi axborot xizmati.