Samarqandda aholi orasida vahima tarqatmoqchi bo‘lgan shaxsga 30 sutka qamoq jazosi tayinlandi

Samarqand viloyati ichki ishlar hamda davlat xavfsizlik xizmati boshqarmalari xodimlari hamkorligida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida Samarqand viloyati, Paxtachi tumanida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan A.Shomurodov 2020 yil 25 mart kuni soat taxminan 16:00 larda marhum mahalladoshini ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilganligi oqibatida vafot etganligini eshitib, bir nechta kanallarga «Telegram» messenjerida o‘zining “Akbar Shomuradov” nomli sahifasi orqali “Paxtachi tumani Toma mahallasida yashovchi O. ismli shaxs koronavirusga chalinib, ko‘p miqdorda aroq ichib bugun vafot etganligi aytilmoqda” nomli yolg‘on ma’lumotni yozib yuborganligi holati aniqlandi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, Paxtachi tumani ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi tomonidan ushbu fuqaroga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 205-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir qilganligi uchun 30 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi ESLATADI!
O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ–613-sonli Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 244-5-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, karantin davrida inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish BHMning 200 baravarigacha (44 million 600 ming so‘m) jarima jazosiga tortishga, 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari va 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolashga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, ushbu harakatlarni sodir etgan shaxs 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 3 yilgacha ozodlikni cheklash va 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi.