Uydagi tarbiya ko‘chada ko‘rinadi

Avtobusda ikki yigit o‘zlari ishtirokida bo‘lgan voqeani baland ovozda muhokama qilmoqda: so‘zlari qo‘pol, avtobusda borayotganini, atrofida boshqalar ham borligini deyarli unutishgan. Kimdir "ukalar, ko‘pchilik oldida so‘kinmanglar" desa, ulardan biri "oldingizga qarab keting, sizni haqorat qilmayapmiz-ku!" dedi.
Yana bir yo‘lovchi "Eh, bularga ta’lim bergan ustozlariga rahmat" deya piching qildi.
- Uka, - dedi yonimdagi yoshi ulug‘ kishi. - Gapirib nima qilasiz, foydasi yo‘q. Muallimini ayblamang. Oiladagi tarbiyaning oqibati bu. Xudo biladi, ota-onasi ham shunaqa toifadan bo‘lsa kerak-da.
Ba’zan ko‘chada mashinada allaqanday tilda qo‘shiq aytayotgan radio ovozini haddan ziyod baland qo‘yib ketayotganlarga guvoh bo‘lamiz. "Hoy, uka, sal pastroq qiling, o‘zingiz ham tushunmayapsiz-ku", desangiz naq baloga qolasiz: yo sizni madaniyatsizlikda ayblaydi, yoki ishingni qil, mashina meniki, deb iddao qiladi.
Yana bir tanish holat: poliklinikada shifokorga navbat tizilgan. Shu payt bir yigit qo‘lidagi uyali telefonda gaplashayotib, eshik oldida turib oldi. "Navbat bormi, men kimdan keyin kiraman?", deb so‘ramadi ham. Bu holat, tabiiyki, ertalabdan beri sabr bilan turgan kishilar g‘ashiga tegdi. Ichkaridagi mijoz chiqqanda, eshikdan kiraman degan chog‘i uni navbatda turgan shaddod kishi to‘xtatdi va "Ota-onangdan ozroq odob o‘rgansang bo‘lmaydimi, bolam", deb kirib ketdi. Yo‘q, yigit bu iddaodan keyin ham, boshqalarning norozi e’tirozidan keyin ham navbatda turmadi, aksincha, bir xumrayib tashqariga chiqib ketdi. Chunki u uyida bunaqa odobni ko‘rmagan.
Faqat bugina emas, ijtimoiy tarmoqlarda deyarli har lahzada xurmacha qiliqli yoshlar haqida lavhalar berilyapti. Ularning maktabi, o‘qiyotgan oliygohi yoki ish joyi (ba’zan) aytiladi. Lekin hech kim ularning ota-onasi haqida gapirmaydi.
Kamina bu fikrni bejiz o‘rtaga tashlamadim. Allomalar qaysi kitobini o‘qimang, ularda farzand tarbiyasiga ota-ona mas’ul ekani bot-bot aytiladi. Tarbiyasiz bolada ilm olishga ishtiyoq bo‘lmasligi ta’kidlanishi barobarida farzandiga yaxshi tarbiya bermaganlar johil sifatida baholanadi. "Bolalar o‘z otalaridan meros qilib oladigan uch afzal narsa bor: xushmuomalalik, odob va sadoqat", degan turk allomasi Muhammad Zehniy. Binobarin, bola tarbiyasiga oilada ko‘proq ayol kishi, ya’ni ona mas’ul ekanligi ham bor gap.
Ana endi o‘zingiz fikr qiling. Jamoat joylarida xurmacha qiliq qilayotgan, o‘zini tuta olmayotgan yigit-qizlar oilada tarbiya ko‘rganmi, ular ota-onasidan ibrat olganmi?
Biz tarbiyasiz yoki noqobil bolalar bilim olishda qiynalsa, o‘qishni istamasa, buning uchun ta’lim barobarida tarbiyasizlik oqibatini ham o‘qituvchidan so‘rab xato qilmayapmizmi, ota-onani mas’uliyatdan chetlatib qo‘ymayapmizmi?
Bolaning, ayniqsa, jamoat joyda o‘zini noo‘rin tutishi, dag‘al yoki qo‘pol gapirishi aslo tasodifiy holat emas. Bu - oilada shakllangan tarbiya natijasi. Mabodo tartibsiz o‘g‘il-qizining yonini olib, muallim yoki jamoaga iddao qilsa, o‘sha ota-onaning o‘zida ham ibrat bo‘ladigan odob yo‘q. Negaki, inson o‘zida bo‘lmagan narsani birovga bera olmaydi. Uydagi tarbiyaning natijasi ko‘chada, jamoat ichida ko‘rinadi. Bu ham bor gap. Xulosa esa sizdan, azizlar.
Farmon Toshev.