Deputat so‘rovi saylovchilar fikrini ifodalaydi, mas’ullar unga e’tibor bilan qarashi lozim

Xabar berganimizdek, xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi, yettinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyani Kengash raisi Sh.Negmatov boshqardi.

Dastlab deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 29 noyabrdagi “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i O.Hamroyevning hisobotini tingladilar.

Qayd etilishicha, mazkur qaror bilan O.Hamroyev rahbarlik qilayotgan kompleksga viloyat uchun muhim ahamiyatga ega 18 ta topshiriq berilgan bo‘lib, shu paytgacha ularning 6 tasi bajarilgan. 12 ta topshiriq bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, qarorga ko‘ra, joriy yilda 1,8 milliard AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya kiritish va kreditlar jalb qilish orqali 129 ta hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda 850 million dollarlik mahsulotni eksportga chiqarish belgilangan. Loyihalarning choraklar kesimida tarmoq jadvallari ishlab chiqilib, loyiha tashabbuskorlari, tijorat banklar hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tasdiqlandi. Bugungi kunda ushbu loyihalarning kunlik tarmoq jadvallari ham ishlab chiqilmoqda. Shu bilan bir qatorda, viloyatda investitsiya loyihalari bilan manzilli ishlash bo‘yicha tarkibi 21 kishidan iborat hududiy shtab tuzilgan. Yilning dastlabki oyida 33 ta loyiha bo‘yicha 101 million AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirildi. Belgilangan eksport rejasini bajarish uchun 100 ta yangi korxona jalb etiladi, an’anaviy bozorlar o‘rniga Yevropaning yuqori qiymatli Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarga eksport hajmlari oshiriladi.

Shundan so‘ng, viloyat mahalliy byudjetining 2024 yildagi ijrosi bo‘yicha viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari B.Mirzayev hisobot berdi.

Hisobotda keltirilishicha, o‘tgan yil viloyat mahalliy byudjetining umumiy daromadlar prognoz rejasi 5 trillion 278,7 milliard so‘mga (103 foiz) bajarilgan. Xarajatlar esa 102,6 foizga ijro etilib, 7 trillion 769,3 milliard so‘mni tashkil etgan. Xususan, ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy himoyalash xarajatlari uchun 4 trillion 977,5 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan.

Kun tartibiga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i S.Jabborovning boshqarmaning 2024 yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti tinglandi.

– 2024 yil davomida MIB viloyat boshqarmasi organlari tomonidan jami 1 million 217 mingta (11,5 trillion so‘mlik) ijro hujjati yuzasidan majburiy ijro tadbirlari olib borilib, 8,5 trillion so‘mlik 785 ming 575 ta ijro hujjati bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilindi, – dedi S.Jabborov. – Jumladan, 524 ming 65 ta hujjat bo‘yicha amalda 2,9 trillion so‘m yoki 2023 yilga nisbatan son jihatdan 326 ming 651 ta va summa jihatdan 3,3 trillion so‘mlik ko‘p hujjatlar tamomlanib, amalda 494 milliard so‘mga ko‘p mablag‘ undirilishi ta’minlandi. Boshqarma tizimidagi 235 nafar davlat ijrochisining har biri bir oyda o‘rtacha 279 tadan hujjatni ko‘rib, tamomlagan. Vaholanki, huquqiy-me’yoriy hujjatlarda bitta davlat (sud) ijrochisi bir oyda o‘rtacha 18,9 ta ijro hujjatlarini ijro qilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Hisobotda, shuningdek, soliq, aliment, kredit va kommunal xizmatlardan qarzdorliklarni undirish bilan bog‘liq holatlar haqida ham batafsil ma’lumot berilib, yuzaga kelayotgan muammolar qayd etildi va ularni bartaraf etish yuzasidan deputatlar tomonidan taklif, tavsiyalar bildirildi.

Deputatlar davlatimiz rahbarining 2024 yil 29 noyabrdagi “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Past Darg‘om tumani Chimboyobod mahallasi hududidan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi” DUKga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berilgan 234,3 gektar yer maydonida “Pastdarg‘om” maxsus sanoat zonasi tashkil etilganligini ma’lumot uchun qabul qilib, maxsus sanoat zonasining bosh rejasini tasdiqladilar.

Sessiya kun tartibiga muvofiq, fuqarolar yig‘inlari raislari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga ko‘maklashish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i, deputat Sh.Yo‘ldoshev so‘zga chiqdi.

– Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish yuzasidan amaldagi qonunlarimizga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlarga muvofiq, endilikda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi vakolati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi, – dedi Sh.Yo‘ldoshev. – Bo‘shab qolgan o‘rinlarga ham fuqarolar yig‘inlari raislari 5 yil muddatga saylanadi. Ilgari fuqarolar yig‘ini raisi saylovni tashkil etish va o‘tkazish Oliy Majlis Senati Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan respublika komissiya tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda bu vakolat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan amalga oshiriladi. Ya’ni, fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘tkazish muddatlari saylov boshlanishidan kamida ikki oy oldin Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan belgilanadi.

Yangi tartibdan kelib chiqib, xalq deputatlari viloyat Kengashi Samarqand viloyatidagi fuqarolar yig‘inlari raislarining navbatdagi saylovini 2025 yilning may-iyul oylarida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qaror bilan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi boshchiligidagi 25 kishidan iborat fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Samarqand viloyati komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

Sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashi huzurida ekspert guruhi tashkil qilish, xalq deputatlari viloyat Kengash deputati tomonidan deputat so‘rovini yuborish tartibini tasdiqlash, xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslarining hisobot (axborot)larini eshitishning tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi va Kengash faoliyati bilan bog‘liq bir qator masalalar ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi.

– Keyingi paytda viloyatdagi ayrim rahbarlar faoliyatida Kengash, deputat so‘rovi bilan bog‘liq masalalarda e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilayotgani, so‘rovga yuzaki qaralayotgani kuzatilmoqda, – dedi viloyat Kengashi raisi Sh.Negmatov. – Vaholanki, bunday holatlar uchun qonunlarimizda javobgarlik choralari belgilangan. O‘sha darajaga bormaslik uchun rahbarlardan har bir so‘rovga belgilangan tartib doirasida va o‘z vaqtida javob berishlarini so‘rayman. Deputat o‘zi uchun emas, uni saylagan saylovchilar manfaatlaridan kelib chiqib, ularning taklif va murojaatlari asosida so‘rov yuborayotganini unutmang.

Shuningdek, sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025 yil 14 yanvardagi “Hududlarni rivojlantirish hamda aholi muammolarini hal yetishda mahalliy Kengashlar deputatlari va senatorlarning “mahalla yettiligi” bilan o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ijrosini ta’minlash, viloyatda “Zarbdor tajribasi” asosida sanoat, xizmat va qishloq xo‘jaligi sohalarida amalga oshiriladigan drayver loyihalar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish va ma’qullash to‘g‘risidagi va boshqa masalalar muhokama etilib, qarorlar qabul qilindi.