Samarqand viloyati Kengashining 94-sessiyasi 22 dekabr kuni o‘tkaziladi
Bu haqda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi F.Abilov bugun, 15 dekabrda qabul qilgan “Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi oltinchi chaqiriq, to‘qson to‘rtinchi sessiyasini chaqirish to‘g‘risida”gi qarorida ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi to‘qson to‘rtinchi sessiyasi 2023 yil 22 dekabr kuni chaqiriladi.
Sessiya kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilgan:
- «O‘zbekiston - 2030» strategiyasining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev axboroti haqida;
- mahalliy byudjet daromadlarining belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishini ta’minlash, hududning iqtisodiy o‘sish nuqtalarini inobatga olgan holda qo‘shimcha manbalarni aniqlash, soliq qarzlarini qisqartirish, ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘yilmaslik borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i S.Eshmatovning hisoboti haqida;
- Samarqand viloyatidagi ayrim aholi punktlarini nomlash va qayta nomlash to‘g‘risida;
- viloyat hokimining o‘rinbosari O.Hamroyevning viloyat hokimining 2023 yil 7 dekabrdagi «Viloyat mahalliy byudjetining 2023 yil ikkinchi va uchinchi chorak daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismidan foydalanish to‘g‘risida»gi qarori bilan ajratilgan mablag‘larni ishlatilishi yuzasidan hisoboti to‘g‘risida;
- viloyat hokimining o‘rinbosari A.Shukurovning viloyat hokimining 2023 yil 15 dekabrdagi «Viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi qarori bilan ajratilgan mablag‘larni ishlatilishi yuzasidan hisoboti to‘g‘risida;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi «2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan tasdiqlangan dastur doirasida iqtisod qilingan mablag‘larni boshqa ob’yektlarga yo‘naltirish to‘g‘risida;
- Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 5 oktyabrdagi maxsus bayoniga asosan Ishtixon tumanidagi 25-sonli maktabni rekonstruksiya qilish ob’yektiga bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlarini belgilash to‘g‘risida.