Samarqand viloyati Kengashining 102-sessiyasi 28 avgust kuni o‘tkaziladi
Bu haqda viloyat hokimi bugun, 21 avgustda qabul qilgan "Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi oltinchi chaqiriq, bir yuz ikkinchi sessiyasini chaqirish to‘g‘risida"gi qarorida ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi bir yuz ikkinchi sessiyasi 2024 yil 28 avgust kuni chaqiriladi.
Sessiya kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilgan:
- «O‘zbekiston – 2030» harakatlar rejasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi hamda maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari O.Hamroyevning hisoboti;
- Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasining 2024 yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yuzasidan boshqarma boshlig‘i S.Jabborovning hisoboti;
- viloyatda 2024 yilning birinchi yarim yilida norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Sattorovning axboroti;
- viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayevning viloyat hokimining 2024 yil 24 iyuldagi «Viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi 214-7-0-Q/24-sonli qarori bilan ajratilgan mablag‘larni ishlatilishi yuzasidan hisoboti;
- Samarqand viloyati mahalliy byudjetining 2024 yil xarajatlarini maqbullashtirish to‘g‘risida;
- viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida;
- Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan investitsiya loyihalari konsepsiyalarini kelishish to‘g‘risida;
- Samarqand viloyatida tashqi reklama ob’yektlari uchun yig‘imlar miqdorini belgilash to‘g‘risida;
- xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan deputatlarni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga oid masalani ko‘rib chiqish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida;
- xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyatining namunaviy ichki mehnat tartib qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida;
- Samarqand viloyati hokimligi boshqaruv apparatining yangilangan tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash to‘g‘risida.