O‘qituvchiyam odam...mi?
![](https://static.zarnews.uz/crop/6/8/720__80_6821b1ae32587bce4be0b585f5c0ccc4.jpg?img=self&v=1739606864)
Ijtimoiy tarmoqlarda ayol maktabga kelib farzandining o‘qituvchisini urib tashlagani haqidagi video tarqaldi. Bitta-ikkita bo‘lsa mayli, kasaldir, nuqsoni bordir, deysan. Afsuski, juda ko‘p ota-onalarda o‘qituvchiga shunaqa munosabat. Bu sindrom.
O‘qituvchining hurmati to‘g‘risida qonun qabul qilingan jamiyatda shunaqa sindrom. Kosa oqarmaslik gazga emas, shunaqa kimsalari ko‘p jamiyatga nisbatan aytilganda to‘g‘riroq bo‘lardi.
Sirdaryo tumanidagi maktablardan birida o‘quvchilar ko‘zi oldida bo‘lgan bu holatni oqlab bo‘larmikan? Holat sodir bo‘lgan kunning ertasi kuni esa u ayol jahlim chiqqani bois shunday qildim, deya uzr so‘rab chiqdi. O‘qituvchining o‘quvchilari, butun el oldida obro‘sini to‘kib, birgina uzr aytib, jazodan ozod bo‘lib ketish insofdanmikan?
Rosti, jamiyat a’zolarining umumiy saviyasi oshmaguncha, rivojlana olmaymiz. Ishga yetib borguncha, bunga o‘xshagan holatlarning nechtasini ko‘ramiz, asabiylashamiz. Shofyordir, yo‘lovchidir, boshqadir. Biz faqat o‘tmishi bilan maqtanadigan, buguni juda sayoz va kelajagi qorong‘u xalqqa aylanib boryapmiz.
Aslida o‘qituvchining hurmatini saqlash yoki shunga o‘xshash boshqa toifalar uchun (IIB xodimlari uchun alohida qabul qilishmoqchi bo‘lishdi) alohida qonunlarning qabul qilinishi noto‘g‘ri. Qonun ishlamayapti degan signal bu. Chunki shaxsiy daxlsizlik qonunlarda bor va bu hamma toifa uchun amal qilishi kerak. Demak, bitta qonun yaxshi ishlamagan joyda ikkinchi qonun qabul qilinadi va oqibatda ishlamaydigan qonunlar soni yana bittaga ko‘payadi.
Ustozlarga bo‘layotgan bu kabi munosabatlarni ko‘rib, beixtiyor «O‘qituvchiyam odammi o‘zi, odam bo‘lsa nega uning hurmatini joyiga qo‘ymayapmiz» , deging keladi?
Umid Xo‘jamqulov,
pedagogika fanlari doktori, professor.