Ang‘iz o‘sgan yerlarda otlar bevaqt o‘lmagay...

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Azim Suyun hayot bo‘lganida bugun 77 yoshni qarshi olardi.
Azim Suyun 1948 yil 22 fevralda Payariq tumani Nakurt qishlog‘ida tug‘ilgan.
Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvida mas’ul kotib, «Xalq so‘zi» gazetasida bo‘lim muharriri, «O‘zbekiston ovozi» va «Golos O‘zbekistana» gazetalari bosh muharriri bo‘lib ishlagan.
Uning ijodi o‘tgan asrning 60-yillari oxiri va 70-yillar boshida boshlangan. «Mening osmonim» (1978) nomli birinchi she’rlar to‘plami bilan kitobxonlarga tanilgan.
Shundan keyin shoirning «Zarb», «Zamin taqdiri», «Xayolot», «Ziyo ko‘li», «Javzo», «Olis tonglar», «Kuyganim-suyganim», “Ey do‘st” kabi shoirning o‘nga yaqin she’riy to‘plamlari va bir qator dostonlari chop etilgan. Bu asarlar bugun she’riyat ixlosmandlarining sevimli kitoblariga aylangan.
Ayniqsa, uning «Sarbadorlar» fojiasi, «O‘zbekiston», «Bir tomchi suv dengizga aylangan kecha yoki Imorat» kabi dostonlari mashhur.
Shoir 1991 yilda «O‘zbekiston» dostoni va bir turkum she’rlari uchun Abdulhamid Cho‘lpon nomidagi birinchi xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgan.
Azim Suyun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoni sohibi. Jahon shoirlari Kongressi a’zosi, el tanigan, suygan ziyoli edi.
Taniqli shoir 2020 yil 9 mart kuni olamdan o‘tdi.
***
BALLADA
Tunning qora sukunatin,
Bunday bevaqt buzgan kim?
Eshik qolib darichadan
Kirib ketdi allakim.
Tom ustida yotgan bola
Qo‘rqib-pisib qaraydi.
Lekin tovush berishga na,
Na turishga yaraydi.
Eh, onasi bo‘lsa edi,
(Qazo qildi o‘tgan yil)
Sekingina shivirlardi:
— Birov keldi ona, bil…
Ichkarida g‘ivir-g‘ivir,
Ichkarida bir holat.
Nima bo‘ldi yangasiga,
Unda yetti yot nahot?!
Ishonmaydi, mumkin emas,
Ishonmaydi o‘t-suvga.
Uning uchun olamda, bas,
Ishongani shu yanga.
Ichkarida… shivir-shivir,
Ichkarida zil-zillat.
Nahot oydek yangajoni…
Nahot unda yetti yot?!
Eh, akasi bo‘lsa edi,
O‘sha yolg‘iz akasi.
Afsus, juda uzoqda u,
Qirmoqda yov galasin!
Yuboribdi kecha bir xat,
Yangasining nomiga:
«…Sen ukamni tashlamagin,
G‘irt yetimlik domiga.
O‘, sog‘indim, kutgil meni
Tog‘lar kabi sabot-la.
G‘alabaga yaqin qoldi,
Men qaytaman, albatta!»
…Soya kabi lipillagan,
G‘ivir-shivir qilgan kim?
Eshik qolib darichadan,
Chiqdi, ana, allakim.
Yo‘q, bo‘lmadi bola erday
Sakrab turdi o‘rnidan
Va otildi u yo‘lbarsday
Barzangi bir gavdaga!..
Qora tunning iflos sirin
Bola elga bildirar.
…Mard yigitni janglar emas,
Bevafo yor o‘ldirar!
1978
ANG‘IZ O‘SGAN YeRLARDA
«Qadimgi Nurato qo‘shiqlari» turkumidan
Ang‘iz o‘sgan yerlarda otlar bevaqt o‘lmagay,
Yaxshi bo‘lsa ayollar erlar yuzi so‘lmagay.
Qaysi yurtda chinakam botir bo‘lsa yigitlar,
O‘shal yurtning ellari yovlarga qul bo‘lmagay.
Ot minmagan ot minsa, chopa-chopa o‘ldirar,
Bog‘ ko‘rmagan bog‘ ko‘rsa, payhon qilar, so‘ldirar.
Hushyor bo‘lgil, jon elim, elday saqla elingni,
Yovlaringga yo‘l bersang, poymonangni to‘ldirar.
Bosh kesilsa, yoronlar, sochga motam tutilmas,
Qon qusilsa, yoronlar, ichga suvdek yutilmas.
Qay bir millat tuprog‘in toptar ekan makkor yov,
O‘zligin bilganlarning baxti aslo butunmas!
Arg‘umog‘larga mining,
G‘olib qilich yor bo‘lsin!
Bu dunyoda har kimning
o‘z Vatani bor bo‘lsin!
BAHODIRNING QILIChI
Bahodirning qilichi sindi…
So‘nggi nuqta.
Tugadi ertak.
Pastak hovli chetida dilxun
Bir bola yig‘laydi —
qo‘lida kitob.
Bahodirning qilichi sindi,
Bahodirning qilichi sindi.
Yovniki butun!
Qayga ketdi yaproqdek bola,
Bo‘ta kabi qayda bo‘zlaydi?
Uchib yurgan varaqlar, ana,
Shamollarga ertak so‘zlaydi.
Bola qani?.. Bilmayman, ammo,
Ishonaman, qaylardadir u
Bahodirga qilich izlaydi..
1978