Samarqandda aholiga jamoat transporti xizmatlari ko‘rsatishda qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti?
- Keyingi ikki yilda Samarqand shahrida “Maroqand trans 777” MChJ, “Dilshod trans servis” MChJ hamda “Tohir R” xususiy korxonalari tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan 124 ta avtobus keltirilib, yangi yo‘nalishlarga joylashtirildi.
Tumanlarda aholini jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida bir qancha yangi yo‘nalishlar tashkil etildi. Jumladan, Narpay tumanida 346-raqamli, Payariq tumanida 454 va 455-raqamli taksi (mikroavtobus) yo‘nalishlari tashkil etilib, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Payariq, Ishtixon, Oqdaryo kabi tumanlaridan kelayotgan yo‘lovchilarning Samarqand shahriga kirib kelishi Motrid va Dahbet ko‘chalarida ancha tirbandliklarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur muammolarning oldini olish va yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Motrid qo‘rg‘onidagi aylanma yo‘l yonida avtoboshbekat qurish uchun “Urgut avto center” MChJga 2,5 gektar yer maydoni ajratib berildi. Hozirda loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda. Mazkur avtoshohbekat joriy yil yakunigacha ishga tushiriladi. Shuningdek, Samarqand halqa avtomobil yo‘lining Qarshi aylanma yo‘li hududida ham yangi zamonaviy avtostansiya loyiha-smeta hujjatlari tayyorlandi. 2,5 gektar yer maydonidagi qurish ishlari avgust oyida boshlanadi.
Viloyat Matbuot uyida viloyat transport boshqarmasi tomonidan aholining jamoat transportiga bo‘lgan talabini qondirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanida boshqarma boshlig‘i R.Tojiyev shular haqida ma’lumot berdi.
Dilmurod To‘xtayev.