Samarqandda badmintonni rivojlantirishning imkoniyatlari bormi?

Samarqand shahrida “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida badminton bo‘yicha 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit va qizlar o‘rtasida viloyat musobaqasining final uchrashuvi o‘tkazildi.

Sport tadbirining ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat badminton federatsiyasi raisi B.Nurullayev ishtirok etib, badminton sport turini yanada ommalashtirish kerakligi, buning uchun  tumanlarda ham yetarli sharoitlar yaratilishini ta’kidladi. 

Viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, badminton federatsiyasi, “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan musobaqada barcha shahar tumanlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar o‘zaro bahs olib bordi.

Yakunda Samarqand shahar jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Kattaqo‘rg‘on hamda Payariq tumanlaridan kelgan yoshlarga nasib etdi.

***

Sambo

Buxoro viloyatida sambo bo‘yicha o‘smir yigit va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.

Bahslarda viloyatimiz sportchilari ham ishtirok etib o‘z vazn toifasida 5 ta oltin, 1 kumush, 5 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

***

“Usmanov kombat sistem”

Samarqand shahridagi sport yakka kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida sportning “Usmanov kombat sistem” turi bo‘yicha viloyat ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada viloyatimiz sportchilari qatori Navoiy va Surxondaryodan ham 100 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Yakunda umumjamoa hisobida Samarqand tumani sportchilari birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Samarqand shahriga, uchinchi o‘rin Past Darg‘om tumani sportchilariga nasib etdi. 

***

Velomarafon

Oqdaryo tumani markazida velomarafon bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi. Unda 12 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 400 nafarga yaqin yoshlar Loyish shaharchasi bo‘ylab harakatlandi.

Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan musobaqa “Vatanparvar” tashkiloti Oqdaryo tuman o‘quv sport-texnika klubi hamda tuman sektorlari hamkorligida o‘tkazildi.

Ommaviy sport tadbirining g‘olib va sovrindorlari tuman hokimligi tomonidan taqdirlandi.

Husan Eltoyev.

***

Gandbol

Samarqand shahrida gandbol bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatining 2 davra o‘yinlari o‘tkazildi.

Respublikaning turli viloyatlaridan kelgan jamoalar keyingi tur o‘yinlari uchun bahs olib bordi. O‘yin yakuniga ko‘ra, yigitlar va qizlar bahsida ham Toshkent viloyatining “OKMK” jamaosi eng yaxshi natija ko‘rsatdi.

***

Quvnoq startlar

Samarqand shahridagi 1-son bolalar-o‘smirlar sport maktabida “Quvnoq startlar” televizion sport musobaqasining viloyat bosqichi final o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

Umumta’lim maktablarining 4-8-sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi o‘tkazilgan bellashuv natijasiga ko‘ra Urgut tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi g‘olib bo‘lib, musobaqaning respublika bosqichida ishtirok etuvchi yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Ikkinchi o‘rinni Oqdaryo tumanidagi 26-maktab jamoasi egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Nurobod tumanidagi 2-maktab va Narpay tumanidagi 38-maktab jamoalariga nasib etdi.

***

Basketbol

Camarqand viloyatida may oyi basketbol oyligi doirasida musobaqalarga start berildi.

Mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostidagi festival doirasida Samarqand hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida, Oqdaryo  tumanida basketbol bo‘yicha sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Ayni paytda boshqa tumanlarda musobaqa davom etmoqda.

Bekzod Ahmedov.