Samarqandda bepul kitob o‘qish mumkin bo‘lgan kafe tashkil qilindi

Samarqand shahrida yosh tadbirkor Zebo Ismatullayeva tashabbusi bilan yana bir mutolaa maskani tashkil etildi. Uning boshqa kutubxonalardan farqi shundaki, bu yerda qahva ichib, kitob o‘qish imkoniyati bor.

- Bahor va kuz paytlari darsdan keyin deyarli har kuni yarim soat vaqtimni xiyobonda badiiy kitob o‘qishga sarflashni odat qilganman, - deydi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti talabasi Azizbek G‘afforov. - Qishning sovuq, yozning issiq kunlarida esa buning imkoniyati yo‘q edi. Xorijda ta’lim oladigan do‘stim ana shunday sovuq yoki issiq kunlarda bo‘sh vaqtini ko‘proq “Book kafe”da o‘tkazishini aytardi. Unga havas qilardim. Shahrimizda ham shunday maskanlar bo‘lishini xohlardim. Bugun shu istagim amalga oshdi. Bu yerda kitoblardan foydalanish bepul va biz istagan kitobni topib berishda maskan xodimlari beminnat xizmat ko‘rsatyapti.

“Munshaot” nashriyoti homiyligida tashkil etilgan ushbu maskanda ming turdagi kitoblar bor.

To‘lqin Siddiqov.