Samarqandda bir yilda to‘rt egizli to‘rtinchi holat kuzatildi
Shifokorlar tug‘ruqqa kelgan ayolga «preeklampsiya og‘ir darajasi, surunkali piyelonefrit o‘ng buyragi gidronefrozi II darajasi» kabi tashxislar qo‘yilishi qanchalik jiddiy va xavotirli ekanini yaxshi bilishadi.
Yana buning ustiga ko‘zi yoriydigan ayol o‘n yil farzand kutgan, kutayotganlari esa to‘rt nafar egiz chaqaloq bo‘lsa. Shifokorlarning shoshilinch sa’y-harakatlari, tajribali mutaxassislarning tezkor qaror qabul qilishlari natijasida to‘rt nafar chaqaloq ham eson-omon dunyoga keldi.
- Munisa Bekmirzayeva homilador bo‘lganidan boshlab nazoratimizda edi, - deydi viloyat perinatal markazi bosh shifokori Lola Hamroyeva. – UTT apparatida uning to‘rt nafar egiz farzand kutayotgani ma’lum bo‘lgach, qariyb har oyda tug‘ruqxonaga kelib, muolajalar olib turardi. Ko‘zi yorish arafasida ham birmuncha oldinroq kelishini tayinladik. Ahvoli ancha og‘ir edi, to‘rt egizakni ko‘tarish osonmas, buni shifokor bo‘lmagan odam ham yaxshi tushunadi. Chaqaloqlarning eng kichik vazni 1100 gramm og‘irlikda tug‘ilgan bo‘lsa, eng kattasi 1750 gramm vazn bilan dunyoga keldi. Chaqaloqlarning salomatligini yaxshilash uchun zarur dori-darmonlar bepul berilmoqda.
Shuni alohida aytish kerakki, viloyat perinatal markazi keyingi bir yil davomida to‘rt egizli chaqaloq ko‘rgan to‘rt nafar onaga xizmat ko‘rsatdi.
- Farzandlarimizga Maryamxon, Habibulloh, Hafizulloh, Abdulloh deb ism berdik, - deydi biz bilan suhbatda Munisa Bekmirzayeva. – 2014 yil turmush qurgan bo‘lsak, shu paytga qadar bormagan shifokorimiz qolmadi, oilamizdagilar, turmush o‘rtog‘im bilan barcha sinovlarga dosh berdik. Shukrki, Yaratgan bizga ham ota-onalik baxtini nasib etdi. To‘g‘risi, ahvolimdan o‘zim qo‘rqib ketgandim, shifokorlarga katta rahmat, boshdanoq o‘zlari nazoratga olishdi, zarur muolajalarni amalga oshirishdi.
Asli qashqadaryolik, ammo bir necha yillardan beri Samarqandda istiqomat qilayotgan bu oila farzandlarini katta qilishda oiladagilarning yordamiga tayanamiz, deyishmoqda. «Kutganimizni bergan Alloh rizqini ham beradi», deydi Munisa.
Gulruh MO‘MINOVA.