Samarqandda birinchi xususiy universitet ochildi

Samarqandda ilk bor xususiy oliy ta’lim muassasasi – Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ochildi. Shu munosabat bilan universitet rektori Yusuf Abdullayev jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazdi.

- Sohibqiron Amir Temur bir ishni boshlamoqchi bo‘lsa, uch narsaga amal qilar ekan, - dedi Yusuf Abdullayev. – Birinchisi ishni iymon bilan boshlash, ikkinchisi mashvarat o‘tkazib, vaziru olimlar fikriga quloq solish va so‘nggida qat’iyat bilan ishni boshlash. Biz yuqori malakali jahon talablari darajasidagi muhandis kadrlarni tayyorlashni o‘z oldimizga qat’iy maqsad qilib qo‘ydik, son emas, sifat uchun kurashamiz. Shuning uchun universitetimizda xorijiy professor-o‘qituvchilar talabalarga dars beradi. Darslar xorijiy dasturlar bo‘yicha ingliz tilida olib boriladi. Mahalliy o‘qituvchilarning ham xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qib, ilmiy ish qilganlarini ishga oldik.

Yangi o‘quv yilidan Samarqand xalqaro texnologiya universitetida talabgorlar tayyorlov kurslarida o‘qitiladi. Kelasi yildan muhandislik bo‘yicha talabalar o‘qishga qabul qilinadi.

Xususiy universitet uchun Samarqand shahridan 6 gektar yer ajratilgan bo‘lib, kelasi yilgacha u yerda o‘quv binosi, talabalar turar joyi, laboratoriya, xorijiy o‘qituvchilar uchun turarjoy, sport zal, kutubxona qurib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

- Universitetimiz binolari bitgach, Samarqandda birinchi kampus bo‘ladi, - dedi universitet rektori. – Xalqaro universitet bo‘lgani uchun biz narxlarni o‘rtacha belgilayapmiz. Ya’ni, talabalar 4 ming dollar atrofida kontrakt puli to‘laydi. Amerikada talabalar xalqaro texnologiya universitetiga 40 ming dollar to‘lab o‘qiydi. Ular bilan solishtirganda universitetimizda ta’lim olish xorijiy talabalar uchun ancha arzonga tushadi. Darslar asosan matematika va ingliz tilidan bo‘ladi.

Hozircha universitet Samarqand transport texnikumi binosida faoliyat yuritmoqda.

Xurshida ERNAZAROVA.