Samarqandda bog‘dorlikka yangi qadam: “Bog‘ kuni – 2026”

Samarqand tumanida qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan “Bog‘ kuni – 2026” o‘quv-amaliy seminari tashkil etildi.

Mazkur tadbirda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi mutaxassislari, tumandagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik va mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbar-xodimlari, shuningdek, “SAM AGRO CENTER” korxonasining turkiyalik agronomi hamda Turkiya davlatining bog‘dorchilik yo‘nalishi bo‘yicha bosh agronomi ishtirok etdi.

Seminarda mevazor bog‘larni samarali parvarishlash, daraxtlarni to‘g‘ri oziqlantirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish hamda hosildorlikni oshirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Shuningdek, tadbir davomida bog‘larda uchraydigan zamburug‘li kasalliklarga qarshi samarali kurashish, ularning oldini olish hamda bahorgi sovuq urishi oqibatlarini kamaytirish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Seminar doirasida zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etishning samarali usullari haqida ham keng qamrovli ma’lumot taqdim etildi. Shu bilan birga, ishlab chiqarilgan ilg‘or preparatlar, ularning afzalliklari va to‘g‘ri qo‘llash tartibi yuzasidan amaliy tushunchalar berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar Samarqand tumanidagi “Bilol mevazorlari” xo‘jaligida barpo etilgan intensiv olma bog‘i faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ushbu bog‘da “Fuji”, “Pink Ledi” va “Golden” navli olmalar yetishtirilmoqda.