Samarqandda «Butunjahon yoshlar festivali» doirasida tadbirlar tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 26-30 iyun kunlari O‘zbekistonda birinchi marotaba «Butunjahon yoshlar festivali» o‘tkaziladi. Bunga 100 dan ortiq davlatdan ming nafarga yaqin xorijiy ishtirokchilar taklif etilgan.
Festivalda ta’lim, innovatsiya, IT, biznes, media, madaniyat, san’at, sport kabi yo‘nalishlarda nufuzli spikerlar qatnashadi.
Festivalning ochilish marosimi 26 iyun kuni Samarqand shahridagi «Boqiy shahar» majmuasi hududidagi amfiteatrda 1,5 ming nafar yoshlar ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Uning doirasidagi tadbirlar Samarqand, Buxoro, Jizzax, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida bir vaqtda o‘tkaziladi.
Shuningdek, 27-30 iyun kunlari Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyi atrofida «Yoshlar shaharchasi» pavilonlari tashkil etiladi.
Ushbu pavilonlarda O‘zbekiston yoshlari hamda xorijiy mehmonlar uchun tanlovlar, taqdimot va ko‘rgazmalar o‘tkaziladi. Festival ishtirokchilari pavilonlardagi mashg‘ulotlarni bajarib, ballarni qo‘lga kiritishi va to‘plagan ballarini kitoblar, sport, san’at, ta’lim to‘garaklariga vaucherlar, sovg‘alarga almashtirishi mumkin bo‘ladi.