Samarqandda buyrak transplantatsiyasini amalga oshirish uchun 3 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratildi

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining o‘ttiz oltinchi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan davlat dasturining ijrosi yuzasidan mas’ullarning axboroti eshitildi. 

Axborotda qayd etilishicha, viloyat hokimligi huzuridagi muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi tomonidan davlat dasturining ijrosi doimiy ravishda monitoring qilib borilmoqda. Monitoring natijalari davlat dasturidagi 21 band bo‘yicha ishlar bajarilganligi va boshqa chora-tadbirlar ijro jarayonida ekanligini ko‘rsatdi. 

Davlat dasturida belgilangan endokrin kasalliklarni erta aniqlash va davolash hamda endokrinologiya muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, Samarqand davlat universiteti hududida “Yoshlar texnoparki” qurilish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

E’tiborlisi, dastur ijrosiga ko‘ra, viloyatda buyrak transplantatsiyasi amaliyotini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. 

Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining angioxirurgiya va transplantatsiya bo‘limi va uning operatsion bloklari kapital ta’mirdan chiqarildi va buyrak transplantatsiyasi amaliyoti uchun kerakli asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Angioxirurg, urolog, nefrolog, anesteziolog-reanimatolog vrachlari va hamshiralari joriy yil aprel-may oylarida akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya tibbiyot markazida buyrak transplantatsiyasi bo‘yicha amaliyot o‘tab keldi. 2021 yil 10-12 iyun kunlari Samarqand viloyatida ilk bor uch nafar bemorda buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Deputatlar viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga buyrak transplantatsiyasi operatsiyalarini amalga oshirish uchun zarur tibbiy asbob-uskunalar sotib olish maqsadida viloyat mahalliy byudjetining ikkinchi chorak daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismidan 3 milliard 190 million so‘m ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildilar.