Samarqandda sement ishlab chiqarish kengaytiriladi

Viloyatda faoliyat yuritayotgan sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan joriy yilning birinchi yarmida 174 ming tonna sement ishlab chiqariladi. 2021 yil yakuni bilan 65 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish hisobiga 1,06 million tonna sement ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlar ishga tushiriladi.

Bu Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 14 martdagi farmoyishida yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasida belgilangan.

Unga ko‘ra, sement ishlab chiqarish bo‘yicha joriy yilda amalga oshiriladigan umumiy yillik quvvati 0,5 million tonnaga teng bo‘lgan “Marakand sement invest” MChJ investitsiya loyihasini belgilangan muddatda ishga tushirish uchun zarur choralar ko‘riladi. 2022-2023 yillarda amalga oshiriladigan sement ishlab chiqarishni tashkil qilishga doir investitsiya loyihalar uchun mavjud xomashyo va energiya resurslari tayyorlanadi.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotning qo‘shilgan qiymatini oshirish, energiyani tejash, resurslardan foydalanishni maqbullashtirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida sement zavodlari negizida gaz-beton bloklari, quruq qurilish aralashmalari, tayyor temir-beton buyumlari va yuqori qo‘shilgan qiymatli boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.