Samarqandda “Jomboy yashil chiroqlari” MChJning yangi sement zavodi ishga tushirildi
Loyiha qiymati 42 million dollar bo‘lgan yangi zavod yiliga 300 ming tonna jahon standartlariga mos sement ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ishlab chiqarishda Xitoy texnologiyasidan foydalanilmoqda. Bunda korxona Xitoyning CHOP kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.
Yangi zavodning dastlabki bosqich ishlab chiqarish liniyasining ishga tushirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Xitoyning “CHOP cement engineering” kompaniyasi prezidenti Jang Yu Mei xonim so‘zga chiqib, hamkorlikdagi loyihaning istiqbollari, yurtimizda tadbirkorlik sub’yektlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga to‘xtaldi.
- O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarimiz tobora rivojlanib bormoqda, - dedi Jang Yu Mei xonim. – Ushbu loyiha 2016 yilning 1 iyunidan boshlangan edi. Bugun ishga tushirilgan ishlab chiqarish liniyasi hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqadi.
Bir kecha-kunduzda 1200 tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada 200 nafar mahalliy aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
- Hamkorlikdagi loyiha 2023 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, birinchi bosqich yakunlandi, - deydi korxona rahbari Zayniddin Ahrorov. – Uskunalar har tomonlama qulay, energiya tejamkor bo‘lib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar zamon talablariga to‘liq javob beradi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun “Sanoatqurilishbank” ATB Samarqand filialidan 5,5 million dollar kredit mablag‘ini oldik.
Alisher ISROILOV.