Kattaqo‘rg‘on tumanida yirik sement zavodi ishga tushirildi
Kattaqo‘rg‘on tumani Kumushkent MFY hududida yirik sement zavodining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Zamonaviy texnologiyalar asosida ichki va tashqi bozorni sifatli sement mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida xitoylik investorlar ishtirokida tashkil etilgan zavod yiliga uch million tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
38,5 gektar yer maydonida joylashgan ushbu zavodni barpo etish uchun respublika Milliy bankining mablag‘lari hamda 340 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilingan. Ishlab chiqarish dastgohlari Xitoydan olib kelib o‘rnatilgan.
Ushbu loyiha bo‘yicha sement zavodining yillik eksport quvvati 82 million AQSh dollarni tashkil etib, Yevropa va boshqa xorijiy davlatlarga yo‘naltiriladi. Zavod ishga tushishi natijasida 600 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi va bu ish o‘rinlariga asosan mahalliy aholi jalb qilinadi.
Zavodning ochilish marosimida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, tuman hokimi Jamshid Nasriddinov, zavod rahbari, xitoylik investor Guo Bin va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
O‘tkir Usmonov, "Kattaqo‘rg‘on: kecha va bugun" gazetasi muharriri.