Samarqand shahrining tashlandiq yerida zamonaviy sement zavodi qurildi

Samarqand shahrida bugungi kunda jahon standartlariga to‘la javob beradigan sement ishlab chiqarish zavodi tashkil etildi. Tajribali tadbirkor Zayniddin Ahrorov bugun ichki va tashqi bozor uchun muhim bo‘lgan sement mahsulotini ishlab chiqarish zavodini ishga tushirdi. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 300 ming tonna bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 9 million 195 ming AQSh dollarini tashkil qiladi.

- Korxonamiz o‘rni tashlandiq bir joy edi, - deydi Zayniddin Ahrorov. - Bu yerni tanib bo‘lmas darajada jihozlab, obodonlashtirdik. Mahsulotimizga kelsak, sementimiz 23-standartiga to‘la javob beradi. 2021 yilga borib 25-standart darajasida sement ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz. Ayni paytda shifer yoki murakkab qurilish-inshootlar uchun mahsulotlar tayyorlashga e’tibor qaratyapmiz. Kelgusida beton ishlab chiqarishni ham niyat qilganmiz. Hozir yuzga yaqin ishchi mehnat qilmoqda. Ularning asosiy qismini yoshlar tashkil etadi.

Bir kunda 1200 tonna sifatli sement ishlab chiqarayotgan korxona sexlariga Xitoyning zamonaviy, energiya tejamkor uskunalari olib kelib o‘rnatildi. Ishlab chiqarish quvvatining ishga tushishi bilan 120 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Korxonaning o‘ziga xosligi shundaki, bu yerda ekologik muvozanatni barqarorlashtirish maqsadida Germaniyada ishlab chiqarilgan 23 ming dona filtr moslamalari o‘rnatilgan. Bu esa havoga turli chang va chiqindilar chiqib ketishining oldini olishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda korxonada 20 nafar xitoylik mutaxassislar zavodning qolgan bloklarini ishga tushirish maqsadida so‘nggi texnologik uskunalarni o‘rnatish va tajriba tariqasida ishga tushirish bo‘yicha tegishli ishlarni bajarib, korxona ishchilariga laboratoriya, energetika va boshqa sohalarda malaka darslarini o‘tmoqda.

Mazkur korxona to‘la quvvat bilan ishga tushgach, yana qo‘shimcha 100 nafar yoshlar muqim ish joyiga ega bo‘ladi.