Samarqandda chigirtka galalariga qarshi qanday chora ko‘rilmoqda?

Ijtimoiy tarmoqlarda qo‘shni Qozog‘istonning Turkiston viloyati va O‘zbekistonning Buxoro viloyatlarida chigirtkalar galasi yopirilib, cho‘l o‘simliklarini nobud qilayotgani, bunga chora ko‘rilmasa dala ekinlariga katta zarar yetkazishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Xo‘sh, chigirtka qanchalik xavfli va bu zararkunandaga qarshi kurashish borasida viloyatda qanday choralar ko‘rilyapti?   

O‘simliklar karantini va himoyasi viloyat boshqarmasi tasarrufidagi chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash bo‘limi xodimlari tomonidan 2024 yilda viloyat tumanlarida 59300 gektar maydonda chigirtka tarqalishi bashorat qilingan edi. Shundan 14538 gektar maydonda kuzatuv ishlari o‘tkazildi, 13715 gektarda esa chigirtka tarqalganligi aniqlandi. Ayniqsa, Nurobod (7050 gektar), Qo‘shrabot (4720 gektar), Payariq (776 gektar) va Kattaqo‘rg‘on (768 gektar) tumanlarida chigirtkaning eng ko‘p tarqalganligi qayd qilindi.

Chigirtka galalariga qarshi 13563 gektar maydonda kimyoviy ishlov berish ishlari amalga oshirildi. Buning uchun 367,4 litr 20 foizli “Keller super” va 466,2 litr 30 foizli “Antikolorad” preparatlari sarflandi. Mos ravishda 7347 gektar va 6216 gektar maydonda kimyoviy ishlovlar o‘tkazilib, yuqori samaradorlikka (94-95 foiz) erishildi. Hozirda boshqa hududlardan chigirtka kirib kelishini oldini olish borasida soha xodimlari va mutaxassislar tomonidan doimiy kimyoviy ishlov berish tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Bizda chigirtkaning 100 dan ortiq turi mavjud, ular qisqa muddatda 1 metr kvadrat maydonda 250-300, ba’zi hollarda esa 1000 tagacha ko‘payib, tog‘, tog‘oldi, mintaqasidan bir zumda yaylov, o‘tloq, g‘alla va boshqa maydonlarga zarba bera boshlaydi.

Bizda asosan to‘qay va “Marokash” chigirtka turlari keng tarqalgan, yana “Otbosar”, “Turkman”, “Olaqanot” va sholi chigirtkalari ham uchrab turadi. Bahorgi iliq havo kelishi bilan ular shimoldan janubga ko‘chadi va bu dehqonchilik, chorva ozuqa maydonlariga katta zarar keltirishi ehtimoldan xoli emas.

Odatda ularning hujumi lichinkalaridan boshlanadi va bir oyda  voyaga yetgan chigirtka sifatida ekinzorlarga zarar yetkazadi. Ular 1500-1600 donagacha to‘da hosil qilib, bir oy davomida hujumkor ruhda bo‘ladi. Voyaga yetgach, qanot chiqaradi va dastlab 40-50 metr, so‘ngra esa bir necha o‘n kilometr masofani bemalol bosib o‘ta oladi. 3-10 kun o‘tib juftlashi natijasida urg‘ochilari tuxum qo‘yishga hozirlik ko‘rishadi.

To‘qay chigirtkasi odatda g‘alla va boshqa ekinlardan tortib yem-xashak o‘tlarigacha kuchli zarar yetkazadi. Chigirtka ko‘paygan maydonlarda zudlik bilan ularga qarshi kurashish maqsadida birinchi galda, kimyoviy moddalardan foydalaniladi. Masalan, 10 foizli “Fastak”, 25 foizli “Siraks”, 20 foizli “Konfidor”, 20 foizli  “Mospilan” kukun holidagi moddalarni qo‘llash yaxshi samara beradi. Bundan tashqari, 4 foizli “Adonis” (0,1 l/ga), 15 foizli “Nemolt” (0,06 l/ga), 48 foizli “Dimilin” (0,03 l/ga) va boshqalarni qo‘llash ham tavsiya etiladi.

Burxon FAYZULLAYeV, 

O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand mintaqaviy filiali  direktori.

Jamoliddin ABDUG‘ANIYeV,

Viloyat chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati boshlig‘i.