“Ularga qarshi kurashilmasa 25 million gektar ekinga zarar yetkazadi”: Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi chigirtkalardan ogohlantirmoqda

Hozirgi kunda o‘simliklarga kasalliklar bilan birga zararkunandalar ham jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Chigirtka ana shunday zararkunandalardan biri. Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi bu ofatning taxminiy zarari va unga qarshi kurash yuzasidan ma’lumotlarni taqdim etdi.

Markaziy Osiyoda “Marokash” chigirtkasi eng keng tarqalgan turlaridan biri hisoblanadi. Bu tur Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston davlatlarining, O‘zbekiston bilan chegaradosh tumanlarida, dengiz sathidan 250-1600 metr balandlikdagi tog‘ oldi hududlarining mavsumiy o‘simliklar o‘sadigan yaylovlarda ko‘p uchraydi. Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatining dengiz sathidan 250 metr balandlikdagi barcha hududlarida, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Farg‘ona vodiysining yaylovlarda keng tarqalgan.

Xo‘sh, chigirtka qaysi o‘simliklarga qanday zarar keltiradi?
Chigirtka barcha qishloq xo‘jalik o‘simliklari, jumladan, arpa, bug‘doy, so‘li, oq jo‘xori, tariq, makkajo‘xori, g‘o‘za va poliz ekinlari, beda, don-dukkaklilar, poliz ekinlari, yeryong‘oq, kungaboqar, kunjut, zig‘ir, maxsar, tamaki, efir moyli ekinlar va yaylov o‘tlariga katta zarar yetkazadi. Yana chigirtkalar tok novdalari, mevali daraxtlar barglari, yosh novdalar, meva va barg bandlarini ham kemirib zarar keltiradi.

Voha chigirtkasining lichinkalari tabiatdagi yovvoyi o‘simliklar bilan oziqlanadi. Yetuk zotga o‘tgandan so‘ng esa madaniy ekinlarga ko‘p zarar keltiradi. Ma’lumotlarga asoslansak, chigirtka ekinlarga juda katta zarar ekaniga guvoh bo‘lamiz.

Ularga qarshi kurashda qishloq xo‘jalik xodimlariga O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi ham ilmiy-amaliy ko‘mak ko‘rsatib keladi. Boshqarma vakillarining ogohlantirishicha, “Marokash”, “Italiya” va “Osiyo chigirtkalariga qarshi kurashilmasa 25 million gektardan ortiq maydondagi yaylov o‘simliklari hamda qishloq xo‘jalik ekinlariga zarar keltiradi. Oqibatda, olinadigan hosil yo‘qotiladi. Bu esa 20 milliondan ortiq insonda oziq-ovqat mahsulotlari yetishmasligi yoki och qolish xavfini yuzaga keltiradi.

MDH davlatlarida chigirtkaning 500 dan ortiq, O‘zbekistonda esa 200 ta turi aniqlangan. Shulardan 10-12 ta turi qishloq xo‘jalik ekinlari va yaylov o‘simliklariga xavf tug‘diradi, agar chigirtkalar yopirilsa 100 gektarlab maydondagi ekinlarni juda oz muddatda kemirib yo‘q qiladi.
Hozirgacha viloyatimizda chigirtka balosi ekinzorlarga jiddiy zarar yetkazishini oldini olish, hosilning yo‘q bo‘lishidan asrash uchun zararkunanda chigirtka uchoqlarini yo‘qotish, ularga qarshi kimyoviy preparatlar bilan ishlov berish ishlari amalga oshirilgan.

Jumladan, 2021 yilda 2023 litr kimyoviy preparat yordamida 25 155 gektar maydonga ishlov berilgan. “Marokash” chigirtkasiga qarshi 18 563 gektar va “Italiya prusi” chigirtkasiga qarshi 6 592 gektar maydonga kimyoviy ishlov o‘tkazilgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilda viloyatimizda 31 500 gektar maydonda chigirtka tarqalish xavfi bor va ularga qarshi 27 ming gektar maydonda kimyoviy ishlovlar o‘tkazilishi bashorat qilindi. Shundan viloyat hududida tarqalishi mumkin bo‘lgan 27 ming gektar, qo‘shni viloyatdan uchib o‘tish hisobiga ishlanadigan maydon esa 4 500 gektarni tashkil etmoqda.