Samarqandda Chor Rossiyasi imperatori Nikolay II ni qabul qilish uchun alohida saroy bunyod etilgan
Bu muhtasham saroy Samarqand shahrining Abdurahmon Jomiy ko‘chasidagi 51-uyda joylashgan. Chor Rossiyasining badavlat savdogarlaridan biri Abram Kalontarov tomonidan qurilgan ikki qavatli ushbu inshoot usta Abduqodir Bakiyev rahbarligida, rus me’mori Ye.O.Nelle loyihasi asosida 14 yil (1902–1916 yillar) davomida barpo etilgan.
“G” shaklidagi beshta binoni o‘z ichiga olgan inshootga razm solsangiz, uning har bir qarichi sizni e’tiborsiz qoldirmaydi. Ayniqsa, saroydagi eng katta va amaliy san’at namunalari bilan bezatilgan qabulxona va mehmonxonalar diqqatga sazovor. Saroy 100 yildan ziyod vaqt davomida asl holida saqlanib kelinmoqda va tashrif buyurgan sayyohlarning hayratini oshirmoqda.
Mehmonxonalarning ichki devorlariga Riga shahridan olib kelingan, oqlangan devor qog‘ozidan, shuningdek, Sankt-Peterburgdan keltirilgan cherkov eshigining oldi (papey – mache) tayyorlangan. Zal markazini ko‘rish mumkin bo‘lgan boloxona (balkon) devorlarida ikki boshli burgut, ya’ni Rossiya timsoli tasvirlangan. Mehmonxonaning devor va shiftlarida tabiat suratlari aks etgan. Eshiklar surat solinadigan rangli oyna bilan bezatilgan. Asosiy zalning shiftlari yog‘och naqshli chiziqlar, o‘ymakorlik bilan bezatilgan, moyli bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan va ular ustiga ustki varaqlar o‘rnatilgan. Devorlarga ganch ustida o‘ymakorlik “pardoz” uslubi ishlangan.
Binoni qishda isitish uchun 7 ta sirli sopol bezakli isitgich o‘rnatilgan, ularning bezaklari xonaga alohida chiroy bag‘ishlagan. Isitgichlarni tashqi tomondan qoplash uchun sirli sopollar Moskvadagi nemis firmasidan keltirilgan va shu firmaning ustalari 10 000 kumush rubl evaziga 4 oy ichida o‘rnatib bergan.
Polshadan keltirilgan yaltiroq billur qandil mehmonxonaning yasalishi bilan hamohang. Qandilning maxsus o‘rinlarida sham yoqilgan va xonaning yorug‘ bo‘lishini ta’minlagan. Zal markazida bir asrlik voqea–hodisalarning guvohi bo‘lgan ulkan ko‘zgu o‘rnatilgan. Keng bu xonada Osiyo uslubidagi ikkita ustun bor.
Markaziy zaldan konsertlar, raqslar, o‘yinlar va shu bilan birga, sinagoga (yahudiylar ibodatxonasi) namoyishlari uchun foydalanilgan. Abram Kalontarov bu zalda faxriy mehmonlar, rassomlar, sozandalar va boshqalarni kutib olgan.
Mazkur muhtasham saroy Samarqandga kelishi rejalashtirilgan rus imperatori Nikolay II ni qabul qilish uchun mo‘ljallangan. Biroq birinchi jahon urushi va mamlakat ichkarisidagi inqilobiy o‘zgarishlar sabab tashrif bekor qilingan. 1917 yil fevralda Rossiya imperatorining o‘rniga vaqtinchalik hukumat keldi.
Viloyatimizda Chor Rossiyasi davrida o‘zaro kelishmovchiliklar yuz berib turgan vaqtda nafaqat shaharning, balki respublikaning badavlat savdogari matonat ko‘rsatib, ushbu ulkan saroyni bunyod etdi. Saroyning nafisligi va jozibasi hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Muhammad XOLMATOV,
Samarqand viloyati O‘lkashunoslik muzeyi katta ilmiy xodimi.