Samarqandda “DOKTOR KOBRA” turizm maskani bor
O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan 16-17 oktyabr kunlari Samarqandga info-tur tashkil etilgani haqida xabar bergan edik.
Info-tur qatnashchilari bugun Samarkand Half Marathon (yarimmarafon)ga tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanidan so‘ng Nurobod tumaniga yo‘l oldi va Jom qishlog‘idagi “Doktor kobra” turizm maskani faoliyati bilan tanishdi.
Bugunga kelib, nafaqat Samarqand, balki respublikamizga ham tanilib ulgurgan mazkur maskanning hayvonot bog‘ida ko‘plab yovvoyi hayvonlar hamda qushlarning 20 dan ortiq turini ko‘rish mumkin. Jumladan, chiyabo‘ri, echkiemar, olmaxon, jayra, tuyaqush, burgut, ukki, lochin va 30 dan ortiq zaharli ilonlar mavjud.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, ushbu hayvonot bog‘i taniqli ilon tutuvchi, “Doktor Kobra” nomi bilan tanilgan Alisher Yormatov tomonidan tashkil qilingan. Maskanning bugungidek qiyofaga kelishi uchun 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan. Shuningdek, g‘aroyib ilon tomoshalarini faqatgina shu yerda ko‘rish mumkin.
Hozirgi kunda mazkur turizm maskani ilonlar shou dasturi orqali “Ginnes rekordlar kitobi”ga kiritilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, hududda ovqatlanish, ilon zahri bilan davolash, kvadrotsiklda sayr qilish kabi qo‘shimcha xizmat turlari tashkil etilgan.
Alisher Yormatov respublika an’anaviy tibbiyot assotsiatsiyasiga qabul qilingan. U qishloqda tibbiyotning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar va shifokorlar ishlaydigan 50 o‘rinli kasalxona qurishni rejalashtirgan. Ta’kidlanishicha, sog‘liqni saqlash markazi bemorlarni an’anaviy usullar bilan ham, an’anaviy tibbiyot bilan ham davolaydi.