Samarqandda endi 7 joyda xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirish mumkin
Joriy yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga 10 yil muddatga, voyaga yetmaganlar uchun 5 yil muddatga xorijga chiqish biometrik pasportlari rasmiylashtirilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Samarqand viloyatida yashovchi fuqarolar ham shu paytgacha viloyat IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda Toyloq tumanidagi bo‘lim orqali xorijga chiqish biometrik pasportini olayotgan edi. Bu esa ushbu maskanlarda navbatning ko‘payib ketishiga sabab bo‘layotgandi.
Samarqand viloyati IIB matbuot xizmatining xabar berishicha, Respublika IIV Tergov departamenti rahbariyati tashabbusi bilan endilikda viloyatning yana besh shahar, tuman migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun mo‘ljallangan uskunalar keltirilib, ushbu xizmat yo‘lga qo‘yildi.
Endi Samarqand shahar aholisi Samarqand shahrida;
Samarqand tumani aholisi tumanning o‘zida;
Payariq, Ishtixon, Qo‘shrabot va Oqdaryo tumanlari aholisi Payariq tumanida;
Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on, Narpay va Paxtachi tumanlari aholisi Kattaqo‘rg‘on shahrida;
Toyloq, Jomboy va Bulung‘ur tumanlari aholisi Toyloq tumanida;
Urgut tumani aholisi shu tumanning o‘zida;
Past Darg‘om, Nurobod tumanlari aholisi viloyat IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasida xorijga chiqish biometrik pasportini olishlari mumkin.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari dam olish kunisiz, ertalab soat 08.00 dan kech soat 21.00 ga kadar biometrik pasport olish uchun murojaat qilgan fuqarolarga xizmat ko‘rsatadi.
Sohaga tegishli yana bir yangilik – endi xorijga chikish pasportini olmoqchi bo‘lgan fuqarolardan ariza anketalariga ish joyidan va mahalladan muhr bostirish talab etilmaydi, fuqarolik pasportlarini taqdim etsalar kifoya.