Samarqandda «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» formatidagi tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi o‘tkaziladi

Toshkent va Bryussel noyabr oyida Samarqandda Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo formatidagi bo‘lajak qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Tashqi ishlar vazirligida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili, YeI delegatsiyasi rahbari o‘rinbosari Mindaugas Kacherauskas bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.

Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo hamkorligi formatining samaradorligini oshirish istiqbollari muhokama qilingan.

Tomonlar 2022 yil noyabr oyida Samarqand shahrida «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» formatidagi tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvi va O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash birinchi Vazirlar konferensiyasini tashkil etishga oid masalalariga alohida e’tibor qaratgan.

Yuqorida ta’kidlangan tadbirlarni tayyorlash, ularning kun tartibini aniq takliflar va amaliy mazmun bilan boyitish bo‘yicha Yevropa tomoni bilan muntazam ishchi uchrashuvlar o‘tkazish amaliyotini davom ettirish yuzasidan kelishib olingan.