Samarqandda g‘alla hosildorligi o‘rtacha 71 sentnerdan oshdi
Bu fermer xo‘jaliklarining erkin ish yuritishi uchun sharoit yaratilgani, sifatli urug‘lik, yoqilg‘i-moylash materiallari, mineral o‘g‘it vaqtida yetkazilayotgani va eng muhimi, ularning har gektar sug‘oriladigan maydondan o‘rtacha 2,5 tonnadan donni erkin birja savdolarida, qolgan qismini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida erkin sotish imkoniyati berilgani natijasi.
Ayni paytda viloyatning 13 ta tumanidagi 4650 fermer xo‘jaligi tomonidan 94 ming 130 gektar maydonda yetishtirilgan boshoqli don hosilini o‘rib-yig‘ib olish ishlari davom etmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, g‘alla o‘rim-yig‘im ishlariga biriktirilgan 274 ta kombayn yordamida 755 ming 337 tonna hosilni yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 30 maydagi “2022 yil hosilidan bug‘doyni xarid qilish va sotishda bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, viloyatimizda joriy yilda sug‘oriladigan maydonlardan jami 265 ming tonna g‘alla jamg‘ariladi. Shundan 235,6 ming tonnasi davlat zaxirasi uchun tovar bug‘doy (184 ming tonnasi davlat resurslari uchun, 51,6 ming tonnasi vaqtincha saqlash uchun) hamda 29,4 ming tonnasi urug‘lik bug‘doy hisoblanadi.
2022 yilning 4 iyuligacha viloyat bo‘yicha jami 64,3 ming gektar g‘alla maydonidan 457 ming tonnadan ortiq don yig‘ishtirib olindi va hosildorlik o‘rtacha 71,1 sentnerni tashkil qilmoqda.
Fermer xo‘jaliklari tomonidan don korxonalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida topshirilayotgan g‘allaning 78,1 foizi davlat zaxirasiga va 21,9 foizi vaqtincha saqlash omborlariga qabul qilinmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 15 noyabrdagi “G‘alla yetishtirish va sotishda erkin raqobatni ta’minlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori bilan g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari har gektar sug‘oriladigan maydondan o‘rtacha 2,5 tonnadan donni erkin birja savdolarida, qolgan qismini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida erkin sotish imkoniyati yaratilgan.