Samarqandda g‘alladan bo‘shagan 85,1 ming gektar maydonda takroriy ekin ekiladi
Viloyat dehqonlari joriy yilda 94 ming 230 gektar maydonda g‘alla parvarishladi. Shu kunlarda esa joylarda o‘rim-yig‘im ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Dehqonning yumushi g‘allani o‘rib-yig‘ib olish, yuqori hosil yetishtirish bilan yakunlanmaydi. G‘alladan bo‘shagan maydonlarni shudgorlash, takroriy ekin ekish va aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish ham bugungi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi. Shu bois, dehqonlarimiz g‘alladan bo‘shagan maydonlarni peshma-pesh shudgorlab, dalalarga takroriy ekin ekish ishlarini boshlab yuborishdi.
- 20 iyungacha viloyatimizda 15 ming gektardagi g‘alla o‘rilib, 540 dan ortiq haydov texnikasi jalb qilingan holda 1850 gektardan ortiq maydon shudgorlandi, - deydi viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Asliddin Mamatmusayev. – Rejaga ko‘ra, joriy yilda g‘alladan bo‘shagan 85 ming 142 gektar maydonga takroriy ekin ekish rejalashtirilgan. Bu yil viloyatimizda 2020 yilga nisbatan 6 500 gektar va 2016 yilga nisbatan 17 ming 853 gektar ko‘p maydonda takroriy ekin ekish mo‘ljallanmoqda. Jumladan, 3 ming gektardan ortiq maydonda sabzavot yetishtiriladi. Buning uchun tajribali dehqonlar biriktiriladi, sifatli va eksportbop navli urug‘lar tanlab olindi. 9 231 gektar maydonda kartoshka ekiladi. Buning uchun Niderlandiyadan qariyb 4 ming tonna kartoshka urug‘i olib kelish rejalashtirilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, shuncha maydonning gektaridan 20 tonnadan hosil olinganda ham qariyb 185 ming tonna kartoshka yetishtirish mumkin. Bu esa viloyatimiz aholisining kartoshkaga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish bilan birga, hosilni eksport qilish imkoniyatini ham yaratadi. Bu esa dehqonga qo‘shimcha daromad keltiradi.
Qishloq xo‘jalik mahsulotlari orasida eng ko‘p eksport qilinadigani dukkakli ekinlar hisoblanadi. Bu turdagi ekinlardan viloyatimiz dehqonlari qariyb 35 ming gektar maydonda dehqonchilik qilishni rejalashtirishgan. Bunda albatta, mosh va loviya asosiy maydonni egallaydi. G‘alladan bo‘shagan 35,7 ming gektardan ortiq maydonda takroriy ekin sifatida ozuqa ekinlari, 2 755 gektarda kungaboqar, chorva uchun 28 ming gektarga yaqin maydonda makkajo‘xori yetishtiriladi. Shuningdek, bu yil 7,7 ming gektarda oq jo‘xori ekish ham rejalashtirgan. Ahamiyatlisi, joriy yilda hududlarda daftarlarga kiritilgan, kam ta’minlangan va ishsiz fuqarolarning daromad manbaini yaratish, oilalarning bandligini ta’minlash uchun g‘alladan bo‘shagan maydonlarda 180,5 mingdan ortiq fuqaroga o‘rtacha 25 sotixdan yer maydoni ajratiladi. Ularga ekin turlari, texnika ta’minoti, o‘simliklarga ishlov berish va boshqa masalalarda tajribali dehqonlar tomonidan ko‘mak beriladi.
Bu yilgi takroriy ekin davri ham dehqonlarimiz uchun o‘ziga xos sinov pallasi bo‘lmoqda. Haroratning keskin ko‘tarilishi o‘simliklarning vegetatsiya davriga ta’sir o‘tkazgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan suv resurslarining taqchilligi tufayli bor imkoniyatdan oqilona foydalanish taqozo etilmoqda. Tajribali dehqonlar bunday sharoitda dalani kechki paytda sug‘orish, suv isrof bo‘lishining oldini olish muhimligini yaxshi anglashadi. Shu bois, dalani tayyorlash va ekinni o‘z vaqtida undirib olishga ahamiyat qaratilmoqda.
Tumanlarda bu borada aniq rejalar asosida ishlar olib borilmoqda. Masalan, viloyatning olis hududi bo‘lgan Paxtachi tumani dehqonlari joriy mavsumda 6 254 gektar maydonda el rizqini yetishtirdi. Shu kunlarda tumanda g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari yakunlanish arafasida.
- Joriy yilda tumanimiz dehqonlari g‘alladan bo‘shagan 5 839 gektar maydonda takroriy ekinlar ekishni rejalashtirgan, - deydi tuman qishloq xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Javlon Arnaqulov. – Tumanimizda suv resurslarini hisobga olib, ijtimoiy himoyaga muhtoj 11 446 aholiga o‘rtacha 33 sotixdan 4 146 gektar yer maydoni ajratilib, takroriy ekin ekilishi belgilandi.
Jumladan, 85 gektar maydonda sabzavot, 350 gektarda kungaboqar, 2 800 gektar maydonda dukkakli ekinlar, 2,6 ming gektarda ozuqa ekinlari, 2 100 gektarda makkajo‘xori va 500 gektarda oq jo‘xori ekish rejalashtirilgan. Bu albatta, tumanning tuproq sharoiti, iqlim, sug‘orish imkoniyati, urug‘lik sifati hisobga olinib, ekin turlari joylashtirilgan.
Dehqonlarimizning takroriy ekindan mo‘l hosil yetishtirishi uchun texnika ta’minoti, yoqilg‘i, urug‘ va boshqa zaruriy jihatlar e’tiborga olingan. Ular yetishtirgan hosilni ichki bozorga, savdo yarmarkalari, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalar tomonidan xarid qilinishi borasida ham muammo bo‘lmaydi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.