Samarqandda Germaniya bilan dual ta’lim bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi

Samarqand shahridagi 2- va 3-politexnikumlarda “Ausbildung” dasturi asosida Germaniya bilan dual ta’lim bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda viloyat Matbuot uyida jurnalist va blogerlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

- Yangi o‘quv yilidan transport logistikasi, tashishlarni tashkil etish va transportni boshqarish, sanoat mexanigi, bino va inshootlar qurilishi kabi kasblarda o‘qish istagini bildirgan o‘quvchilar saralab olinadi, - dedi viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Nasimov. - O‘quv yilining birinchi bosqichini ta’lim muassasasida o‘qib, qolgan ikkinchi va uchinchi bosqichini Germaniyaning ta’lim muassasalarida davom ettirish imkoniyati yaratiladi. Faqat nemis tilidan B1 til sertifikatiga ega bo‘lganlar Germaniyada tahsilni davom ettiradi.

Bundan tashqari, viloyatdagi 54 ta kasbiy ta’lim tashkilotlarida dual ta’lim tashkil etilgan bo‘lib, 564 ta korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda 2958 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.

Anjumanda 2024-2025 o‘quv yili bitiruvchilarning yakuniy attestatsiyasi ish beruvchilar vakillari ishtirokida demonstratsion imtihon (amaliy imtihon) shaklida o‘tkazilishi haqida ma’lumot berildi. Bunday tajriba ilk bor tashkil etilayotgani bilan ahamiyatli.

Ma’lumot o‘rnida, 2024-2025 o‘quv yilida viloyatdagi 69 ta kasbiy ta’lim muassasalarini 121 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha 18 ming 473 nafar o‘quvchi bitiradi.