Samarqandda giyohvand o‘simliklarni o‘stirib kelayotgan fuqarolar aniqlandi

Viloyat bo‘ylab keng ko‘lamli “Qoradori-2021” maxsus tadbirlari o‘tkazilmoqda.

IIB xodimlari tomonidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bir nechta fuqaroning yashash uylari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, Samarqand tumani Rajabamin mahallasida yashovchi R.A.ning yashash xonadonidan 2 tup, shu mahallada yashovchi R.S.ning xonadonidan 13 tup “kannabis” giyohvandlik o‘simliklari aniqlangan. Shuningdek, Ishtixon tumani Boyto‘bi mahallasida yashovchi N.X.ning yashash uyidan 1080 tup “ko‘knor”, 1 tup quruq va 9 tup nam holdagi “kannabis” giyohvandlik o‘simliklari, stol ustida bo‘lgan g‘alvir ichida og‘irligi 26,77 gramm, tomorqasida bo‘lgan idishda og‘irligi 0,81 gramm “ko‘knor” xashaklari aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan.

Narpay tumani IIB jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan olingan tezkor ma’lumotga asosan, tumanning Navro‘z maxallasida yashovchi, X.F.ning yashash hovlisi ko‘zdan kechirilganda, tomorqasida 10 tup “kannabis” giyohvandlik o‘simligi, shu mahallada yashovchi M.X.ning yashash hovlisidagi daraxtlar ostida 10 tup “kannabis” giyohvandlik o‘simligini ekib, parvarish qilib kelayotganligi aniqlangan va tegishli tartibda hujjatlashtirilib olingan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar (https://samviib.uz/uz/news/oradori-2021-mahsus-tadbirlari-davomida-anilangan-olatlar) berishicha, aniqlangan barcha holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.