Samarqandda giyohvandlik vositasini sotayotgan shaxs koronavirusga chalingani ma’lum bo‘ldi

2020 yilning 10 iyul kuni soat 12:30 da IIB xodimlari tomonidan Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 38 yoshli U.D. 0,59 gramm «gashish» giyohvandlik vositasini 500.000 so‘mga qonunga xilof ravishda sotgan vaqtida ushlangan. Tadbirda ishlatilgan 250.000 so‘m pullar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (ko‘p miqdorda giyohvandlik vositasini o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha U.D.ga tegishli modda bilan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ammo dastlabki tergov jarayonida U.D. Covid-19 infeksiyasi bilan xastalanganligi aniqlanib, zudlik bilan unga nisbatan qo‘llanilgan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasiga almashtirilgan va U.D. karantinga olingan.