Samarqandda Harakatlar strategiyasini o‘rganish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma nashr qilindi
Camarqand viloyati hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha O‘quv kursi hamda Samarqand davlat universiteti hamkorligida “Zarafshon” nashriyoti davlat korxonasi tomonidan “Harakatlar strategiyasini o‘rganish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma” chop etildi.
Har bir davrning o‘z rivojlanish talablari, ta’limotlari, munosabatlari va tamoyillari mavjud. Harakatlar strategiyasi O‘zbekistonning tarixiy taraqqiyoti va rivojlanishida yangicha davrni boshlab berdi. Strategiyada davlatimizning barcha sohalarida rivojlantirishning yo‘llari belgilangan.
Uni o‘rganish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmada Harakatlar strategiyasi, farmonning ma’nosi, tuzilishi, strategiyaning mohiyati va jamiyat hayotidagi roli, ushbu hujjatning nazariy va amaliy ahamiyati har tomonlama ochib berilgan.
Ushbu qo‘llanma keng jamotchilikka dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Chunki taraqqiyotimiz yo‘nalishlarini puxta bilish, uni amalga oshirishdagi ishlar samarasini belgilaydi.
Mamlakatimiz miqyosidagi bunday muhim hujjatlarning viloyatimizda o‘rganilishi, shu munosabat bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada faollashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni asosida milliy qonunchiligimiz asoslarini ochib berishga bag‘ishlangan risolalar, o‘quv qo‘llanmalari, ijtimoiy siyosiy-materiallar chop etilishi O‘zbekistonning Harakatlar strategiyasidagi barcha yo‘nalish va vazifalarning ado etaliyotgani namunasidir.
Shu jihatdan, ushbu materiallarning aholi orasida keng tarqalishini ta’minlash maqsadga muvofiq. Bu esa birinchidan, Harakatlar strategiyasi bo‘yicha tushuncha, ibora va terminlarni, ikkinchidan, Harakatlar strategiyasi asosida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni chuqur va atroflicha tadqiq etishni taqozo etadi.
T.Ergashev va O.Tursunovalarning mazkur uslubiy qo‘llanmasi Harakatlar strategiyasini o‘rganish bo‘yicha yuzaga keladigan savollar, dolzarb muammolarga bag‘ishlangan. Qo‘llanmaning tuzilishi metodika, lug‘atshunoslik, huquqshunoslik jihatidan mantiqiy ketma-ketlikka ega.
Qo‘llanma negizida Harakatlar strategiyasiga oid terminlar ahamiyati bo‘yicha tahlil qilingan. Qo‘llanmada asosan lug‘atlar, huquqiy hujjatlar to‘plamlari va turli yo‘nalishdagi olimlarning tadqiqotlaridan foydalangani to‘plangan va tadqiq etilgan holatlarning ishonchliligini oshirgan.
Yoqub MARQAYeV.