Samarqandda harbiy orkestr tomonidan ilk mahorat darsi o‘tkazildi
“Yoshlar oyligi” doirasida Samarqand garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestr jamoasi tomonidan harbiy xizmatchilarning farzandlari va yoshlarning san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida mahorat darslari o‘tkazildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
Mahorat darslarining ilk ishtirokchilariga dastlab orkestr jamoasining cholg‘u asboblari va ularning xususiyatlari haqida tushunchalar berildi.
Qo‘shinning jangovar ruhini va shijoatini oshirish uchun albatta, harbiy orkestr jamoalarining kuy-qo‘shiqlari suv va havodek zarur. Bunga mahorat darsida ishtirok etayotgan yoshlar ham harbiy orkestr jamoasi ijrosidagi jangovar kuy-qo‘shiqlarni tinglab iqror bo‘lishdi.
Mashg‘ulotlar davomida beshta muhim tashabbusning birinchi yo‘nalishiga, ya’ni san’atga qiziqishi bo‘lgan yoshlar ham harbiy akalari bilan birgalikda cholg‘u asboblarida go‘zal kuy-qo‘shiqlar ijro etishdi.
Muxtasar aytganda, harbiy orkestr jamoasi harbiy xizmatchilarning jangovar ruhini yuksaltirish bilan birga, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularning bor iste’dodlarini yuzaga chiqarishga hissa qo‘shishga bel bog‘lashdi.