Samarqandda “Ikki eshik orasi”dan yana noqonuniy foydalanishdi

Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga O‘zbekiston xalq yozuvchici O‘tkir Hoshimov merosxo‘ri hisoblangan fuqaro F.Hoshimov meros huquqi bo‘yicha murojaat qildi.

Murojaatda Samarqanddagi kitob do‘konida yozuvchining “Ikki eshik orasi” kitobining kontrafakt nusxalari sotilayotgani qayd etilgan.

Viloyat adliya boshqarmasining ma’lum qilishicha, mazkur murojaat o‘rganilganda yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli savdo shoxobchasida mazkur asarning “Ilm-ziyo-zakovat” hamda “Meriyus” nashriyotlarida chop etilgan kontrafakt nusxalari sotilgani aniqlandi. Natijada boshqarma tomonidan tadbirkorga ushbu asarning kontrafakt nusxalarini sotuvdan olish haqida taqdimnoma kiritildi va ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida murojaat qanoatlantirildi.

O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqlari va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslar, qonunda ko‘rsatilganidan tashqari hollarda, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin.
Ta’kidlanishicha, mazkur holat birinchisi emas. Avval ham Samarqandda mazkur asardan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan.