Samarqandda ilk bor murakkab robot xirurgiyasi operatsiyalari o‘tkazildi

Samarqand shahrida 2-Yevroosiyo tibbiyot kongressi va 1-Yevroosiyo hamshiralar kongressi bo‘lib o‘tdi.

Tibbiyot sohasida ilg‘or tajribalar, innovatsiyalar va texnologiyalarni joriy qilish hamda hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim platforma vazifasini o‘tagan anjumanda Abu Ali ibn Sino merosini o‘rganish va uning tibbiyot faniga qo‘shgan hissasini e’tirof etish asosiy mavzu sifatida muhokama qilindi.

Shuningdek, minimal invaziv jarrohlik va robot jarrohlik, zamonaviy texnologiyalar yordamida jarrohlik amaliyotlarini yanada takomillashtirish va bemorlar uchun xavfsizligini oshirish, saraton kasalligini erta aniqlash, samarali davolash usullarini muhokama qilish va tajriba almashish, tibbiy kadrlar tayyorlashda innovatsion usullar va simulyasion texnologiyalardan foydalanish tajribalari muhokama qilinib, fikr almashildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda respublikamiz bilan bir qatorda Rossiya, Turkiya, Germaniya, Xitoy, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tojikiston va bir qator qo‘shni mamlakatlardan jami 400 dan ortiq soha vakillari, tadqiqotchilar ishtirok etdi. Kongress davomida tibbiyotning ko‘plab dolzarb muammolariga qaratilgan mavzularda ma’ruzalar qilindi va fikr almashildi.

Shuningdek, respublikamiz hamda xorijlik yetakchi mutaxassislar tomonidan robot jarrohlik, laparoskopik ginekologiya va urologiya, intervension radiologiya, lazer proktologiya hamda hamshiralik kurslari tashkil etilib, mahorat darslari o‘tkazildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy kongress doirasida SamDTU ko‘p tarmoqli klinikasi xirurgik korpusi bazasida yetakchi mutaxassislar ishtirokida 15 ga yaqin xirurgik, urologik, ginekologik jarrohlik amaliyotlari va Samarqandda ilk bor murakkab robot xirurgiyasi operatsiyalari o‘tkazildi. Viloyatdagi og‘ir darajadagi bemorlar uchun tibbiy ko‘riklar tashkil etildi.

Kongress ochilish marosimida “ECAQA” (Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida akkreditatsiya va sifatni ta’minlash bo‘yicha Yevroosiyo markazi) mustaqil akkreditatsiya va reyting agentligi tomonidan Samarqand davlat tibbiyot universitetining ta’lim faoliyati sifatining jahon standartlari va mezonlariga muvofiqligini tasdiqlovchi xalqaro institutsional akkreditatsiya sertifikati topshirildi.

2030 yilga qadar amalda bo‘ladigan mazkur akkreditatsiya nafaqat universitet, balki unda o‘qiyotgan minglab talabalar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochib, bitiruvchilarning diplomlari xorijiy davlatlar va ish beruvchilar tomonidan tan olinishiga zamin yaratadi.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti axborot xizmati.