Samarqandda imzo to‘plash jarayoni davom etmoqda
Mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqea – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovi uchun boshlangan saylov kampaniyasi qizg‘in davom etmoqda. Shu kunlarda saylovda ishtirok etishga ruxsat berilgan siyosiy partiyalar tomonidan bu jarayonda ularni qo‘llab-quvvatlovchi tarafdorlarning imzolari yig‘ilmoqda.
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Samarqand viloyat, tuman va shahar Kengashlari ham bu borada faollik bilan ish olib boryapti. Imzo yig‘ish jarayonida fidoyi va tashabbuskor partiya a’zolari kuchiga tayanilmoqda.
Bulung‘ur tumani «Bulung‘ur-sandvik» agrosanoat firmasida o‘tkazilgan tadbir oldidan dastlab partiya faollari saylovchilarga mazkur jarayonning mohiyati xususida tushuncha berishdi.
Siyosiy partiya saylovda nomzod ko‘rsatish vakolatiga ega bo‘lishi uchun amaldagi qonunchiligimizga muvofiq belgilangan miqdorda saylovchilarning imzosini to‘plashi kerak. Ayni jarayon saylov kompaniyasining ilk bosqichlardan biri ekanligi alohida ta’kidlanib, uni belgilangan vaqtda, bexato bajarish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalaning mohiyatini yaxshi anglagan korxona ishchilari imzo to‘plash jarayoniga alohida mas’uliyat bilan yondashib, o‘z fuqarolik pozitsiyasini namoyon etdilar.
Joylardagi boshlang‘ich partiya tashkilotlari raislari, mahalliy kengashlar deputatlari, partiyaning «Ayollar qanoti» va «Yoshlar qanoti» atrofida birlashgan faol a’zolarining hamjihatlikda olib borayotgan sa’y-xarakatlari tufayli viloyatda imzo yig‘ish jarayoni yanada jadallashyapti.
"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi viloyat Kengashi axborot xizmati.