Samarqandda “Iqtidor” maktab ansambli tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi

Samarqand shahridagi “Nurafshon” san’at saroyida “Iqtidor” maktab ansambli tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovning tuman (shahar) bosqichi joriy yilning 7-11 aprel kunlari 8 890 ta jamoa o‘rtasida, hududiy bosqichi 14-29 aprel kunlari 208 ta jamoa o‘rtasida tashkil etilgandi. O‘quvchi-yoshlarning milliy cholg‘u san’atiga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiluvchi mazkur tanlovga 6-10 sinf o‘quvchilari (8 nafar)dan iborat jamoalar jalb qilindi.
Hal qiluvchi bosqichda esa hududlardan kelgan 14 ta jamoa belgilangan shartlar asosida iqtidorlarini namoyish etishdi. Bahslar taniqli san’atkorlar va sohaning malakali mutaxassislari tomonidan baholandi.
Tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi “Boqiy shahar” majmuasida bo‘lib o‘tadi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib deb topilgan jamoa a’zolarini Ozarbayjonga ta’lim sayohatiga yuborish rejalashtirilgan. 2-3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Ayni paytda ishtirokchi o‘quvchilar Samarqand shahridagi madaniy meros ob’yektlarini ziyorat qilmoqda.