Samarqandda "Issiqlik manbai" DUKning ikkita qozonxonasi mukammal ta’mirlanadi

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, issiqlik ta’minoti 24 oktyabrdan boshlanishi mumkin. Ta’mirlash ishlariga 3 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ sarflanyapti.

Viloyat "Issiqlik manbai" unitar korxonasi mutasaddilarining aytishicha, tashkilot tasarrufida 12 ta, jumladan, "RK-3"," Bulvar", "Kavaleriyskaya"," Lohutiy", "O‘zbekiston", "Divizionnaya", "12-Maktab", "Registon"," Geofizika", "Bo‘stonsaroy-34-a", "G.Karimov", Nurobod tumani “Issiqlik manbai” DUK qozonxonalari mavjud.

Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi “2018-2022 yillarda issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyat “Issiqlik manbai” DUK qozonxonalarini 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumiga joriy va mukammal ta’mirlash uchun 3,15 mlrd. so‘m mablag‘ ajratish belgilangan. Dastur doirasida Samarqand shahrida 2 ta lokal qozonxonada (2 ta qozon almashtirish) mukammal ta’mirlash ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 1 dona zamonaviy lokal qozonxona (2 ta qozon o‘rnatish, 1,88 km. issiqlik quvurlari yotqizish) qurilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda qayd qilingan 2 ta qozonxonada tegishli ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Viloyat "Issiqlik manbai" DUK mutasaddilarining aytishicha, ta’mirlanayotgan qozonxonalarning biri viloyat bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasiga, ikkinchisi hokimlik binosiga xizmat ko‘rsatadi. Qolgan qozonxonalar 22 ta uy va 6 ta ijtimoiy soha ob’yektlarini issiqlik bilan taminlaydi.

Mutasaddilarning qo‘shimcha qilishicha, viloyatda issiqlik manbaini uzatish 24 oktyabrdan boshlanishi kutilyapti.