Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda IV Respublika “Kitobxonlik haftaligi” bo‘lib o‘tdi

Avval xabar berganimizdek, A.S.Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Kitobsevar millat” shiori ostida IV Respublika “Kitobxonlik haftaligi” tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Bu tadbirlarda ziyolilar, kitobxon yoshlar, turli soha xodimlari ishtirok etdi.

Haftalik doirasida viloyat axborot-kutubxonasiga kelgan mehmonlar, jumladan, Ichki ishlar vazirligi qoshidagi akademik litsey o‘quvchilari, nodavlat ta’lim muassasasi “Qalqon jasorat maktabi” o‘quvchilari bilan kutubxona bo‘ylab ekskursiya tashkil qilindi. Mutaxassislar tomonidan kutubxonada yaratilgan sharoitlar, kitoblar olami, kutubxona loyihalari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan elektron baza haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limlari bilan hamkorlikda Zuhrabegim Eshonqulovaning “Ulug‘bekning nurli nigohi” nomli asari hamda Husniddin Fayyozovning “Yoding jilosi”, “Daryoi bepoyoni man” (Poyonsiz ummonim mening) she’riy to‘plamlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Kitob taqdimotida asarlarning yozilish tarixi hamda ijodkorlar haqida tadbir ishtirokchilari tomonidan iliq fikrlar aytib o‘tildi.

“Kitobxonlik haftaligi” doirasida yozuvchi, olim, jamoat arbobi Sadriddin Ayniy tavalludining 146 yilligi munosabati bilan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Sadriddin Ayniy muzey direktori Asliddin Po‘latov, Samarqand tuman 54-umumta’lim maktab o‘quvchilari ishtirok etdi. Kechada o‘quvchilar tomonidan S.Ayniyning “Mardi sudxo‘r”, “Qori  ishkanba” asarlaridan parcha hamda she’rlar o‘qib eshittirildi.

Bundan tashqari, «Kitobxonlik haftaligi» doirasida viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamda Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida  «Zakovat» intellektual bellashuvi o‘tkazildi. Sakkizta jamoa o‘zaro bellashuv avvalida viloyat “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati, viloyat teleradiokompaniyasi, davlat soliq boshqarmasi, Jomboy tumani hokimligi viloyat kutubxonasiga o‘z kitoblari jamlanmasini tuhfa qildi.  Shuningdek, viloyat yuridik texnikumining “Everest” va Samarqand tuman ichki ishlar akademik litseyining “Renessans” jamoalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.

Shu kungacha qator yutuqlarga erishgan viloyat “Buvijonlar maktabi” hamda intiluvchan millat qizlari o‘rtasida “Qizlarimga nasihatlarim” nomli davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda “Bibinur” ansambli tomonidan musiqali chiqishlar namoyish etildi.

“Kitobsevar millat” shiori ostida o‘tgan tadbirlar doirasida “El-merosi” tarixiy liboslar teatri namoyishi o‘tkazildi. Unda Samarqand hududida turli tarixiy davrlarda yashagan millatlarning liboslar to‘plami ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.

Haftalik bir-biridan qiziqarli tadbirlari bilan esda qolarli vaqealarga boy bo‘ldi. Turli tashkilot va muassasalar tomonidan markazga kitoblar sovg‘a qilindi. Unda faol qatnashgan ishtirokchilarga viloyat axborot-kutubxona markazi tomonidan esdalik sovg‘alar va tashakkurnomalar topshirildi.