Samarqandda ixtisoslashtirilgan taekvondo markazi ochiladi
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 10 yanvardagi «O‘zbekiston taekvondo akademiyasi va ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi tizimida O‘zbekiston taekvondo akademiyasi hamda 2023-2024 yillarda hududlarda 14 ta ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlari tashkil etiladi.
- O‘zbekiston taekvondo akademiyasining tashkil etilishi taekvondo (WT) bo‘yicha milliy terma jamoalar (kattalar, yoshlar, o‘smirlar, shuningdek, sport faxriylari) a’zolarining jismoniy rivojlanishi, jismoniy tayyorgarligi, funksional holati, texnik-taktik va psixologik tayyorgarligini oshirishga xizmat qiladi, - deydi viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi bo‘limi bosh mutaxassisi Suhrob Mashrabov. - Shu bilan birga, akademiya taekvondo (WT) bo‘yicha milliy terma jamoalarni xalqaro musobaqalarga tayyorlashda ularga amaliy va ilmiy-metodik jihatdan ko‘maklashish, taekvondo (WT) bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish va mamlakatimizda joriy etishga doir tavsiyalar ishlab chiqish, xorijiy mamlakatlarning yetakchi muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Akademiya joriy yilning 1 sentyabridan faoliyat boshlaydi.
Qarorga muvofiq, Samarqandda ham ixtisoslashtirilgan taekvondo markazi tashkil etiladi va joriy yilning 1 fevraliga qadar viloyatda foydalanilmayotgan bo‘sh bino ixtisoslashtirilgan taekvondo markaziga vaqtinchalik foydalanish uchun bepul ajratiladi. Markazda hududiy terma jamoa a’zolarining respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun zarur bo‘lgan mahorat va ko‘nikmalarni rivojlantirilishini ta’minlash, sportchilar zaxirasini tayyorlash uchun zarur tashkiliy, o‘quv-metodik, psixologik-pedagogik, tibbiy-biologik va moddiy-texnik sharoitlar yaratiladi.
Viloyatda taekvando bo‘yicha nodavlat sport ta’limi muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida Samarqand shahrida «Nafosat» sport klubi tashkil qilingan. Shuningdek, taekvondo infratuzilmasini kengaytirish maqsadida Samarqand shahridagi sportning yakka kurash turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi binosi taekvondo (WT) bazasiga aylantirilgan. Bu yerda viloyat terma jamoasining respublika kalendar rejasiga kiritilgan sport musobaqalari hamda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga ishtiroki ta’minlanmoqda.
Hozirgi kunda viloyatning barcha tuman (shahar)larida 39 nafar murabbiy qo‘l ostida 1850 nafar sportchi taekvondo bilan shug‘ullanmoqda. Viloyat sportchilari joriy yil respublika musobaqalarida 4 ta oltin, 4 ta kumush, 3 ta bronza, xalqaro musobaqalarda 5 ta oltin, 2 ta kumush, 3 bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Hozirda O‘zbekiston terma jamoasining asosiy tarkibida 2 nafar, zaxira tarkibida 4 nafar sportchi mashg‘ulotlarda qatnashmoqda.