Samarqandda Janubiy Koreyaga oid qancha eksponatlar bor?

"Ipak yo‘li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetida "O‘zbekistonda madaniy merosni barqaror boshqarish" mavzusida O‘zbekiston - Koreya simpoziumi bo‘lib o‘tdi.
Simpozium Turizm va sport vazirligi tomonidan Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan "O‘zbekistonda muzeylar salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilash" loyihasining birinchi bosqichini yakunlashga bag‘ishlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Koreya Respublikasi madaniy merosini targ‘ib qilish byurosi bosh direktori Kyon Xun, Koreya madaniy meros jamg‘armasi dasturi rahbari Kim Dong Xa hamda mamlakatimiz muzey va galereyalari rahbarlari, sohaning yetakchi ekspertlari ishtirok etdi. Ta’kidlash lozimki, ushbu tadbir simpoziumning nazariy jihatlarini ochib berdi.
Simpoziumning ikkinchi kuni, ya’ni amaliy qismi koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan "Muzey eksponatlari va arxeologik topilmalarni tiklash va rekonstruksiya qilish" ko‘rgazmasining taqdimoti bilan boshlandi.
- Xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi, xususan, Afrosiyob devoriy suratlarida Koreya elchilarining surati bunga dalil, - dedi tSamarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori Samariddin Mustafoqulov. – Madaniy merosimizni asrab-avaylash va kelajak avlodga bekamu-ko‘st yetkazish yo‘lida koreyaliklar bilan ikki yildan buyon olib borayotgan hamkorligimiz buning ramziy davomi. Biz faqat shu bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. Ushbu tadbirlar doirasida arxeologik turizmni rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan loyihalarimizni ham kelishib oldik.
Koreya madaniy meros boshqarmasi 2020 yil boshidan, ikki yil davomida madaniy merosni asrash, konservatsiyani rivojlantirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ODA (Official Development Assistanse) loyihasini amalga oshirdi. O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyining ta’mirlash laboratoriyasini zamonaviy holga keltirish uchun muzey binosining 4-qavat ko‘rgazmalar zali jihozlandi. Laboratoriyaga Koreyadan 120 dan ortiq keramika, metall buyumlari restavratsiya qilinadigan uskunalar olib kelinib, zamonaviy laboratoriya yaratildi.
- Bugungi tadbirlar madaniy meros sohasida hamkorligimizning boshlanishidir, - deydi Koreya Respublikasi madaniy merosini targ‘ib qilish byurosi bosh direktori Li Kyon Xun. – Ikki yillik faoliyatimiz doirasida Samarqand davlat muzeyida ta’mirlash laboratoriyasini tashkil etdik. Ushbu loyihada ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik muzey xodimlari va mutaxassislariga ham minnatdorlik bildiraman. Bugun loyihaning birinchi qismini muvaffaqiyatli amalga oshirdik. Kelajakda ham bu sohada aloqalarimizni mustahkamlash niyatidamiz.
Ko‘rgazma avvalida to‘rt oy mobaynida muzeyda faoliyat olib borgan koreyalik va o‘zbekistonlik tajribali mutaxassislardan iborat guruhga esdalik sovg‘alari topshirilib, mehnatlari munosib e’tirof etildi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari eksponat ko‘rgazmasiga taklif qilindi. Ular muzeyning ta’mirlash bo‘limida koreya va yurtimizga oid eksponatlar va zamonaviy laboratoriya ish faoliyati bilan tanishdi.
- Shu paytgacha eksponatlarni eski usulda, texnologiyalarsiz ta’mirlar edik, - deydi laboratoriya bo‘limi xodimi Hilola Ortiqova. - Masalan, tozalash, eksponatlar yuzasini tuzlardan yuvish, bronza ashyolarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Samarqandda zamonaviy ta’mirlash laboratoriyasining faoliyat boshlashi tarixiy eksponatlarimizni saqlash, uni kelajak avlodga yetkazishda imkoniyat eshiklarini ochadi. Qolaversa, xalqaro madaniy aloqalar va hamkorlikni mustahkamlashga zamin yaratadi.
Sulaymon Mardiyev.