Samarqandda Janubiy koreyalik mutaxassislar bilan IT yo‘nalishida biznes markaz ochish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Janubiy Koreya Qishloq xo‘jaligi vazirligining Hayvonlar va o‘simliklar agentligi direktori o‘rinbosari Geongil Min, IT Park va Raqamli texnologiyalar vazirligining Janubiy Koreyadagi vakili, AKITA rahbari Ray Chong, Raqamli marketing bilan shug‘ullanadigan korxona - "SIHA" rahbari Jonghoon Kim, Sun’iy intellekt va ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan "Miso Infotech" korxonasi rahbari Geongil Min bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning IT va autsorsing sohasida koreyalik hamkorlar uchun investitsiyaviy jozibadorligi oshib borayotganligi, ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Janubiy Koreyaning yetakchi texnologiyali kompaniyalari bilan mamlakatimizning biznes imkoniyatlari hamda IT salohiyatini taqdim etish uchun mavjud imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.
Adiz Boboyev Samarqandda Koreyaning IT yo‘nalishida universitetlarini tashkil etish, global IT iqtidorlarini yetishtirib chiqarish zarurligi, Koreyadagi nufuzli IT kompaniyalari, tashkilotlar, davlat muassasalari va universitetlar bilan sanoat-akademik hamkorlik dasturlari, Koreya kompaniyalarida ishga joylashish imkoniyatlarini yaratish maqsadida ular bilan yaqindan hamkorlik olib borish borasida bir qator takliflarni berdi.
Uchrashuv so‘nggida hamkorlik memorandumi imzolandi. Undan IT yo‘nalishida Samarqandda Koreya IT biznes markazini tashkil etish hamda kadrlar tayyorlash masalalari o‘rin olgan.